Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi yoʻlladi

19:37 07 Dekabr 2022 Siyosat
1823 0

Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi

Qadrli vatandoshlar!

Siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda koʻpmillatli butun xalqimizni mamlakatimiz hayotidagi ulugʻ tarixiy sana – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlab olingan huquqiy-demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlida mustahkam huquqiy poydevor boʻlib kelayotgan Asosiy qonunimizning milliy taraqqiyotimizdagi oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.

Mustaqilligimizning dastlabki yillarida, gʻoyat ogʻir va murakkab bir sharoitda qabul qilingan Konstitutsiyamiz bergan huquq va imkoniyatlar tufayli el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan oʻtgan davrda hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida ulkan yutuq va natijalarni qoʻlga kiritdik.

Ana shunday mustahkam huquqiy asosga tayanib, keyingi yillarda mamlakatimizda keng koʻlamli demokratik islohotlar jadal amalga oshirilmoqda.

Eng muhimi, ijtimoiy-siyosiy hayotimizning mazmuni, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi tubdan oʻzgarmoqda. Yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, jamiyatimizning teng huquqli aʼzosi, oʻz taqdirining chinakam egasi, mamlakatimizdagi barcha oʻzgarish va yangilanishlarga oʻzini nafaqat daxldor, balki bu jarayonlarning bevosita ishtirokchisi, erkin va bunyodkor inson sifatida his etmoqda.

Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi, inson huquq va erkinliklarining qonuniy kafolati boʻlgan, biz uchun ozod va obod hayot qurish yoʻlini ochib bergan Konstitutsiyamiz bilan shu bois har qancha faxrlansak, gʻururlansak, arziydi, albatta.

Muhtaram doʻstlar!

Dunyo miqyosida “Yangi Oʻzbekiston” degan ibora paydo boʻlib, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻ-eʼtibori tobora ortib bormoqda.

Barchangiz xabardorsiz, shu kunlarda mamlakatimizda Asosiy qonunimizga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha muhokamalar davom etmoqda. Ushbu konstitutsiyaviy islohotlarni Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmuni va mantigʻi, xalqimiz bildirayotgan talab, istak va takliflar, muxtasar aytganda, shiddat bilan oʻzgarayotgan davrning oʻzi taqozo etmoqda.

Shu sababli hozirgi vaqtda “Inson – jamiyat – davlat” degan tamoyilni Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga, kundalik hayotimizga chuqur singdirishimiz zarur.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, inson, uning hayoti, huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, inson qadrini ulugʻlash bu boradagi islohotlarimiz markaziga olib chiqilmoqda.

Jumladan, ijtimoiy davlat tamoyili, oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash, keksa avlod vakillarini, nogironlarni ishonchli himoya qilish, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, aholiga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, taʼlim va ilm-fan, madaniyatni rivojlantirish, fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash, ekologik muvozanatni saqlash, fuqarolik jamiyati institutlari hamda mahallaning huquq va vakolatlarini kengaytirish, ommaviy axborot vositalari erkinligini taʼminlash kabi koʻplab prinsipial ahamiyatga ega masalalar Asosiy qonunimizda muhrlab qoʻyilmoqda.  

Bu jarayonda siz, aziz vatandoshlarimiz – turli kasb va ijtimoiy guruhga mansub fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan barcha taklif, fikr va mulohazalar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi.

Ayni shu asosda Bosh qonunimiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi boʻladi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Pandemiya sharoitiga qaramasdan, mamlakatimizda mehnat jamoalarida, mahalla va taʼlim maskanlarida, xonadonlarda Konstitutsiya bayrami, ehtiyot choralariga amal qilgan holda, koʻtarinki ruhda nishonlanmoqda.

Biz yaqinlashib kelayotgan yangi – 2023-yil uchun ulkan dastur va rejalarni tuzmoqdamiz. Konstitutsiyamizda belgilab olayotgan ezgu maqsadlarni roʻyobga chiqarish, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo doʻstlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, yangi uy-joylar barpo etish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish boʻyicha katta-katta vazifalar bu dasturlarda oʻzining aniq ifodasini topmoqda.

Ishonchim komilki, barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, fidokorona mehnat qilib, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga albatta erishamiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Sizlarni, butun xalqimizni Konstitutsiyamizning qutlugʻ bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Xalqimiz tinch, yurtimiz omon boʻlsin!
Barchamizni Yaratganning oʻzi panohida asrasin!

Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер