Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan soha xodimlariga tabrik yoʻlladi

21:34 10 Noyabr 2025 Siyosat
347 0

Qadrli vatandoshlar!

Mamlakatimizdagi eng ommaviy fuqarolik instituti aʼzolari boʻlgan siz, azizlarni 11-noyabr – Kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hech shubhasiz, ushbu bayramning yurtimizda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120-yilligi keng nishonlanayotgan kunlarda oʻtayotgani uning fayzi va shukuhini yanada oshirmoqda.

Barchamiz yaxshi tushunamizki, Yangi Oʻzbekiston – avvalo, inson hayoti, uning salomatligi, huquq va manfaatlari, qadr-qimmati qonun asosida ishonchli himoya qilinadigan davlat degani.

Shu bois, oʻz saflarida sakkiz millionga yaqin aʼzoni birlashtirgan kasaba uyushmalarining mehnat sohasidagi huquq va manfaatlarni himoya qilish, adolat va tenglik tamoyillarini taʼminlash borasidagi bir asrdan ziyod tajriba maktabi mamlakatimizda yangi jamiyat, yangi davlat barpo etishda biz uchun gʻoyat muhim ahamiyatga ega.

Bu haqiqatni chuqur tushungan kasaba uyushmalari faollari ijtimoiy sohadagi dasturlarimizni amalga oshirish, ayniqsa, kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, yoshlar, muhtaram keksalarimiz, aziz ayollarimiz manfaatlarini himoya qilishda alohida jonbozlik koʻrsatib kelmoqda.

Faqat soʻnggi 5-yilda sizlarning saʼy-harakatlaringiz bilan qariyb 500 ming nafar fuqaroning huquqlari tiklangani, korxona va muassasalarda 20 mingga yaqin jamoatchilik nazorati va gender tenglikka oid audit tadbirlari oʻtkazilgani, mehnat muhofazasi yuzasidan 21 mingdan ortiq kamchilik bartaraf etilgani, salkam
1 million xodim va ularning oila aʼzolari, 1 ming 200 nafar urush va mehnat fronti faxriylari sanatoriylarda sogʻlomlashtirilgani, 800 ming nafardan ziyod bolalar uchun yozgi dam olish imkoniyatlari yaratilgani diqqatga sazovordir.

Mamlakatimiz kasaba uyushmalarining xorijiy mamlakatlardagi turdosh tashkilot va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, Federatsiyamiz oʻnga yaqin xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga aʼzo boʻlgani ham uning keng faoliyatidan dalolat beradi.

Hurmatli doʻstlar!

Yaqinda sizlar bilan ochiq muloqot shaklida oʻtkazilgan, harakat tarixiga yorqin sahifa boʻlib kiradigan uchrashuvda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, uning tarmoqlar va joylardagi boʻlimlari faoliyatini atroflicha tahlil etib, kelgusi vazifalarni aniq belgilab oldik.

Ana shu uchrashuvda sizlarning koʻpgina sohalarda ijtimoiy sheriklikni kengaytirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha korxona va tashkilotlarda xodimlar, ayniqsa, norasmiy tarzda band boʻlgan fuqarolar, xotin-qizlar va yoshlarning kasb va mehnatga oid huquqlarini taʼminlash tizimini kuchaytirish, umuman, norasmiy bandlikka chek qoʻyish boʻyicha tashabbuslaringiz bilan tanishib, soha xodimlari butun xalqimiz qatori oʻz oldiga ulkan maqsadlar qoʻyib yashayotganiga yana bir bor amin boʻldim.

Turli ijtimoiy-iqtisodiy ziddiyatlarga toʻla boʻlgan hozirgi murakkab zamonda bunday keng koʻlamli vazifalarni amalga oshirish albatta oson emas.

Buning uchun, avvalo, “yashil” iqtisodiyot va sunʼiy intellekt jadal rivojlanayotgan davrda mehnat bozorida yangicha munosabatlar shakllanayotgani, oʻnlab kasblar boʻyicha platformali bandlik yoʻlga qoʻyilayotganini hisobga olib, mehnat huquqlarini taʼminlash, hayot va xavfsizlikni sugʻurtalashga doir huquqiy normalarni qonunchiligimizda aniq belgilab qoʻyishimiz, shu asosda yangicha ish tizimiga oʻtishimiz zarur.

Xalqaro mehnat standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va ijtimoiy hayotga tatbiq etish, mamlakatimizning 2026-2030-yillar uchun moʻljallangan Munosib mehnat boʻyicha dasturini ishlab chiqish va kasaba uyushmalari faoliyatining kelgusi besh yillik strategik yoʻnalishlarini belgilab olish ham dolzarb masaladir.

Ana shu vazifalarni samarali ado etishda oʻz hayotini inson manfaatlarini himoya qilishdek ezgu ishga bagʻishlagan, sohada koʻp yillardan buyon samarali xizmat qilib kelayotgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining barcha jonkuyar faollari va aʼzolari boy bilim va tajribasini ishga solib, fidokorona mehnat qiladilar, deb ishonaman.

Oʻz navbatida, biz hozirgi oʻta muhim taraqqiyot bosqichida yurtimizda mehnat munosabatlarini takomillashtirishda kasaba uyushmalarining davlat idoralari bilan yanada yaqin hamkorlikda ish olib borishlari uchun qoʻshimcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishga tayyormiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Sizlarni mamlakatimiz kasaba uyushmalarining qutlugʻ ayyomlari bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер