Prezident Shavkat Mirziyoyev muhim tashabbuslarni ilgari surdi

13:14 03 Mart 2022 Siyosat
787 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekiston davlat rahbari Markaziy Osiyo davlatlarining BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasi doirasidagi mintaqaviy hamkorlik mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yoʻllagan Murojaatida mintaqada BMTning Kontrterrostik boshqarmasi idorasini ochish taklifini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, mintaqada terrorizmga qarshi kurash strategiyasini yanada muvaffaqiyatli amalga oshirish Qoʻshma harakatlar rejasi ijrosini doimiy monitoring qilish va tanqidiy baholash, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirish mexanizmlarini kuchaytirishni taqozo etadi. Shu bilan birga, davlat rahbari Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi qarshi kurashishda maksimal samaraga erishish uchun uning xavfsizlik masalalarini hal etishda ishtirok etayotgan yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni taʼminlashni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda kiberterrorizm boʻyicha Yagona elektron tarmoqni tashkil etish boʻyicha tashabbusni ilgari surdi. Ushbu taklif mazkur sohada tajriba va maʼlumotlar, tadqiqotlar va eng yaxshi amaliyotlar bilan almashish ishiga xizmat qiladi. Prezidentimizning soʻzlariga koʻra, bugun dunyoning deyarli barcha davlatlari kibermakonda terrorchilikka duch kelmoqda. Internet radikal gʻoyalarni tarqatish, odamlarni yollash, moliyaviy taʼminlash, rejalashtirish va terrorchilik faoliyatini sodir etishning vositasiga aylanib bormoqda.

Bundan tashqari, kibermakondagi xavfsizlikka tahdidning transchegaraviy xususiyati axborot sohasida ekstremizm va terrorchilikning turli koʻrinishlariga samarali qarshilik koʻrsatishning yagona xalqaro huquqiy mexanizmlarini tashkil etishni talab etadi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Kontrterrostik boshqarmasining shafeligida mintaqaviy Ekspertlar kengashini taʼsis etishni taklif qildi.

«Oxirgi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari harbiy mojarolar hududidan 1500 dan ziyod fuqarolarini qaytarishdi, ularni reabilitatsiya va reintegratsiya qilishda noyob yondashuvlarni ishlab chiqishdi», deya qayd etdi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkentda oʻtayotgan xalqaro konferensiyada.

“Mamlakatlarimizning kelajagi yosh avlod qanday voyaga yetishi, qanday taʼlim olishi, ular uchun qanday sharoit va «ijtimoiy yuksalish”lar yaratishimizga bogʻliq», - dedi Prezident. Yoshlarni radikal gʻoyalarga qarshi jarayonlarga jalb etish maqsadida Prezidentimiz 2023-yilda Samarqandda doimiy faoliyat koʻrsatuvchi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Yoshlar kengashini chaqirishni taklif etdi. Qayd etilganidek, mazkur platforma mamlakatlarimiz yoshlari oʻrtasida koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish, yosh avlodning oʻzini-oʻzi anglashi uchun qulay shart-sharoit yaratish va barqaror jamiyatni shakllantirish boʻyicha tajriba almashish yuzasidan mazmunli Harakatlar rejasini ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?