Prezident Shavkat Mirziyoyev: Koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va keng koʻlamli hamkorlikni mustahkamlashning qatʼiy tarafdorimiz

16:27 06 Dekabr 2021 Siyosat
422 0

Davlat tashrifining asosiy tadbirlaridan soʻng OAV vakillari uchun brifing oʻtkazildi.

Prezidentlar har doimgidek ochiq, ishonchli va ishchan muhitda oʻtgan muzokaralar natijalaridan mamnunligini bildirdilar.

Xususan, muzokaralarda Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp qirrali, oʻzaro manfaatli hamkorlikni ikki tomonlama va mintaqa kun tartibidagi barcha yoʻnalishlarda yanada rivojlantirish masalalari batafsil koʻrib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev oʻz bayonoti avvalida Qozogʻiston xalqini mustaqillikning 30 yilligi bilan yana bir bor tabrikladi.

Keyingi yillarda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlariga asoslangan Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlarida ulkan oʻzgarishlar roʻy berayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston yetakchisi bugun tarixiy qaror qabul qilinib, ikki tomonlama hamkorlik ittifoqchilik munosabatlari darajasiga koʻtarilgani, bu birodar xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlaridan kelib chiqib, ularga toʻliq mos ekanini qayd etdi.

— Oʻzbekiston va Qozogʻiston hamkorligi zamirida bir-birimizni toʻldirib turish borasidagi ulkan salohiyatdan foydalanishga intilish ham mavjud. Biz saʼy-harakatlarimizni birlashtirish va yangi oʻsish nuqtalarini izlash niyatidamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishi – savdo-iqtisodiy hamkorlikda erishilayotgan natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan oʻzaro savdo hajmi qariyb 40 foizga oshib, bu borada rekord koʻrsatkich – 4 milliard dollarga erishish kutilmoqda. Muzokaralar chogʻida tovar ayirboshlashni kelgusi yilda 5 milliardga, uzoq muddatli istiqbolda esa 10 milliardga yetkazish maqsad qilindi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirish maqsadida tomonlar agroklasterlar, ulgurji-taqsimlash va logistika markazlarini tashkil etishga, «Agroekspress» loyihasini ilgari surishga kelishib olganliklari koʻrsatib oʻtildi.

Sanoat kooperatsiyasi va hududlararo hamkorlik sohasida erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyatga ega. Bu borada muvaffaqiyatli misollar mavjudligi, jumladan, Kostanayda avtomobillar, avtobuslar va qishloq xoʻjaligi texnikasini yigʻish, Turkiston va Chimkentda toʻqimachilik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi.

Oʻzbekistonda sanoat, energetika, kimyo, qurilish, bank va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Tashrif arafasida oʻtkazilgan ishbilarmonlik tadbirlari yakunida qiymati 6 milliard dollarga yaqin boʻlgan yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi.

— Bunday koʻrsatkichlar avval boʻlmagan. Qolaversa, barchasi qatʼiy kelishuvlar, ular istiqbolga yaxshi zamin yaratadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Transport va tranzit sohasi salohiyatini kengaytirish maqsadida “Uchquduq-Qiziloʻrda” avtomobil va temir yoʻllari, «Turkiston — Chimkent — Toshkent» yuqori tezlikda harakatlanishga moʻljallangan temir yoʻlini barpo etish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Tomonlar “yashil” energetika loyihalarini faol ilgari surishga, eng yangi suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, Orolboʻyida daraxtzorlar yaratish borasida birgalikda ishlash va xalqaro donorlar bilan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Brifingda madaniyat, fan va taʼlim, sogʻliqni saqlash va turizm sohalarida erishilgan kelishuvlar ham qayd etildi.

— Bugungi murakkab va ziddiyatli zamonda odamlar ongi va qalbiga, ayniqsa yosh avlodga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi madaniyat va maʼnaviyatning ahamiyati ortib bormoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan muzokaralarda Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili va Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili tadbirlarini muntazam ravishda oʻtkazib borish yuzasidan kelishuvga erishildi. Kelgusi yilda yurtimizda birinchi Yoshlar kongressi hamda Ijodiy va ilmiy ziyolilar forumi tashkil etiladigan boʻldi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekistonda sakkiz yuz mingdan ziyod qozoq millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilmoqda Ular milliy madaniyati, tili va anʼanalarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Toʻrt yuzga yaqin maktabda taʼlim qozoq tilida amalga oshirilmoqda.

Mana oʻttiz yildirki, Oʻzbekistonda Qozoq milliy madaniyat markazi va uning sakkizta hududiy boʻlinmalari faol ishlab turibdi.

— Qozoq yurtdoshlarimiz orasida Oʻzbekiston Qahramoni yuksak unvoniga va boshqa davlat mukofotlariga sazovor boʻlganlar, senator va deputatlar, vazir va generallar, yirik korxonalar rahbarlari borligidan faxrlanamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining oʻttiz yilligini kelgusi yilda keng nishonlash maqsadida tegishli dastur qabul qilishga kelishib oldilar.

Mintaqaviy va xalqaro maydondagi hamkorlik masalalariga toʻxtalar ekan, Oʻzbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvidek samarali platformani yaratishga muvaffaq boʻlingani, uning doirasida umumiy uyimizni kompleks rivojlantirish yoʻllari belgilanayotganini alohida qayd etdi.

Muzokaralarda mintaqamizda xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarga, eng avvalo qoʻshni Afgʻonistondagi vaziyatdan kelib chiqqan holda qarshi kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada Oʻzbekiston va Qozogʻiston pozitsiyalari toʻliq mos ekani tasdiqlandi.

Mamlakatimiz Qozogʻistonning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raisligi doirasidagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi. Qozogʻiston esa Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasidagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi.

— Ushbu tashrif doirasida salmoqli hujjatlar toʻplamini imzoladik. Ishonchimiz va sherikligimiz juda yuksak darajaga chiqqanidan, birgalikda harakat qilib, har tomonlama koʻmakdosh boʻlishga tayyor ekanimizdan dalolat beruvchi Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya ular orasida eng asosiysi. Biz ikki qardosh xalqlarning ravnaqi yoʻlida koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va keng koʻlamli hamkorlikni mustahkamlashning qatʼiy tarafdorimiz, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Prezident Qasim-Jomart Toqayev ham keng doiradagi masalalar yuzasidan fikr almashilgan muzokaralar yakunidan mamnunligini bildirdi.

Davlatimiz rahbari Qozogʻiston Prezidentini oʻziga qulay vaqtda tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?