Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Merganteks” masʼuliyati cheklangan jamiyatini borib koʻrdi

14:19 12 Oktyabr 2021 Jamiyat
431 0

Foto: president.uz

Davlatimiz rahbari 2017-yilda ushbu korxona negizida paxta-toʻqimachilik klasteri tuzish loyihasi bilan tanishgan edi. Shundan soʻng uning faoliyatida tub burilish boʻldi. 2018-2020-yillarda 22 million dollardan ziyod investitsiya jalb qilinib, Germaniya, Yaponiya, AQSH, Belgiya va Shveysariyadan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatildi.

Bugun korxona paxta xomashyosiga birlamchi ishlov berishdan tortib tayyor kiyim-kechak tikishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni qamrab olgan ulkan klasterga aylandi. Bu yerda 880 kishi ishlamoqda. Klaster yiliga 30 ming tonna paxta xomashyosini qayta ishlash quvvatiga ega. Oʻtgan yili bu yerda jami 240 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 6 million dollarlikdan ziyod eksport qilingan.

- Bu katta ishlarning birinchi natijalari. Lekin korxonadagi bosqichlar hali oxirgisi emas. Endi keyingi bosqichlarni oʻzlashtirib, innovatsion texnologiyalarni joriy etib, qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni koʻpaytirishga harakat qilish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yili klasterda tabiiy va kimyoviy toladan tayyor kiyimlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Qiymati 25 million dollar boʻlgan ushbu loyiha natijasida eksport hajmi 30 million dollarga yetishi, qoʻshimcha mingta ish oʻrni ochilishi moʻljallangan.

Davlatimiz rahbariga paxta yetishtirishda qoʻllanilayotgan innovatsion usullar haqida maʼlumot berildi. Klaster tomonidan 1 ming 200 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish joriy etilgan. Natijada suv sarfi kamayib, yerning unumdorligi oshgan. Ayrim fermer xoʻjaliklari paxtadan 70 sentnergacha hosil olgan. Bir tup gʻoʻzada 190 tagacha koʻsak boʻlgan.

Shavkat Mirziyoyev bunday samarali ishlarni davom ettirish, fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash, jumladan, xorij tajribasi asosida mahalliy tomchilatib sugʻorish texnologiyasi ishlab chiqarish zarurligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?