Prezident raisligida sanoatni rivojlantirish hamda qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi

20:12 10 Yanvar 2023 Siyosat
1233 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-yanvar kuni sanoatni rivojlantirish hamda qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mamlakat iqtisodiyoti va aholi bandligida sanoat juda katta oʻrin tutadi. Bu sohaga zarur sharoit yaratish maqsadida soʻnggi yillarda 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etildi, ularning infratuzilmasiga 10 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Shuningdek, toʻqimachilik, kimyo, qurilish materiallari, charm, farmatsevtika, elektr texnikasi kabi tarmoqlarni “drayver”ga aylantirish uchun 3 milliard dollarlik moliyaviy resurslar ajratildi. Sanoatni xomashyo bilan taʼminlash uchun geologiya-qidiruv ishlari 3 barobar koʻpaytirilib, 600 tadan ziyod yangi kon aniqlandi.

Natijada oxirgi besh yilda sanoat korxonalari soni 2 barobar koʻpayib, 100 mingtaga yetdi, ishlab chiqarish hajmi 1,4 baravarga koʻpaydi.

Bu hududlar rivojiga ijobiy taʼsir qilmoqda. Jumladan, Jizzaxda ilgari boʻlmagan qurilish materiallari, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar paydo boʻldi. Birgina qurilish materiallari boʻyicha 220 ta loyiha ishga tushirilib, viloyat sanoatida bu sohaning ulushi 20 foizdan oshdi.

Samarqand, Sirdaryo, Namangan va boshqa hududlarda metallni qayta ishlash boʻyicha 19 ta yirik loyiha amalga oshirilgan. Namanganda tashkil etilgan 54 ta yangi kichik sanoat zonasida 2022-yilda 3 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Kimyo sanoatida oxirgi uch yilda ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga, eksport esa 2 baravarga oshgan.

Shu bilan birga, ayrim hududlarda natijalar imkoniyat darajasida emas. Xususan, 2022-yilda Navoiy, Buxoro va Toshkent viloyatlarida sanoat oʻsishi koʻngildagidek boʻlmagan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Fargʻona va Xorazmda ip-kalavani qayta ishlash darajasi pastligicha qolgan. Namangan, Samarqand va Navoiyda oziq-ovqat, charm-poyabzal, mebel ishlab chiqarish salohiyati yetarlicha ishga solinmagan.

Shu bois yigʻilishda joriy yilda sanoatni rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni koʻpaytirish va zaxiralarni ishga solish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari sanoat uchun yangi imkoniyatlar va qoʻshimcha moliyaviy resurslar berilishini taʼkidladi.

Birinchi imkoniyat – bank normativlari qayta koʻrib chiqilib, tijorat banklarida korxonalarga kredit ajratish uchun qoʻshimcha 55 trillion soʻm resurslar taʼminlanadi. Bu – bitta tumanda oʻrtacha 20 million dollarlik investitsiyaga qoʻshimcha manba, degani.

Ikkinchi imkoniyat – 2023-yilda sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari infratuzilmasi uchun 1,7 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Shuningdek, “Gʻijduvon” va “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonalari hududi kengaytiriladi. Qoraqalpogʻiston va Qashqadaryoda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining filiallari tashkil etiladi.

Uchinchi imkoniyat – 2023-yildan boshlab, iqtisodiy rivojlanishi orqada boʻlgan toʻrtinchi va beshinchi toifadagi 60 ta tumanga 27 turdagi soliq imtiyozi, subsidiya va preferensiyalar berilganidir.

Toʻrtinchi imkoniyat – gilamchilik, uy tekstili, charm va zargarlik tarmoqlari uchun taqdim etilayotgan yengilliklar. Unga koʻra, 2023-yilda toʻqimachilik loyihalariga qoʻshimcha 300 million dollar yoʻnaltiriladi. Charm-poyabzal sanoatida 200 dan ortiq turdagi import xomashyo boʻyicha bojxona imtiyozlari uch yilga uzaytiriladi. Zargar tadbirkorlarga xomashyoni chegirma bilan sotib olish imkoniyati hamda soliq, bojxona va bank imtiyozlari beriladi.

Prezidentimiz bu imkoniyatlarni aholi va tadbirkorlarga yetkazib, joylarda loyihalarni koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi.

Sanoat zonalarida 1 ming 264 ta loyiha ishga tushirilishi aytildi. Shuningdek, Navoiy viloyatida 6-gidrometallurgiya zavodini hamda Olmaliqda 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish, Andijonda zamonaviy quyuv sexini va Chirchiqda qishloq xoʻjaligi mashinasozlik klasterini toʻliq quvvatga chiqarish ham muhim vazifalardan.

Mutasaddilarga sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, 6 milliard dollarlik mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish, hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan 3 mingga yaqin loyihalarni vaqtida ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Umuman, barcha manbalar evaziga joriy yilda sanoatni 14 foizga oshirish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan sanoat tarmoqlari rahbarlari va hokimlar oʻz reja va takliflarini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер