Prezident raisligida meva-sabzavotchilik va dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi

23:09 24 Noyabr 2021 Siyosat
298 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-noyabr kuni meva-sabzavotchilik va dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi klaster tizimi asosida rivojlantirilmoqda. Paxta-toʻqimachilik, gʻallachilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik klasterlari sifat va daromad jihatidan izchil oʻsmoqda.

Meva-sabzavotchilikda ham koʻplab klasterlar tashkil etilgan. Lekin natijalar mavjud salohiyat darjasida emas. Masalan, bu tarmoqda eksport miqdorini hozirgi 1 milliard 200 ming dollardan 5 milliard dollarga koʻpaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Jumladan, bugungi kunda Asaka, Angor, Denov, Jomboy, Samarqand, Oltiariq, Quva, Yuqori Chirchiq, Yangiqoʻrgʻon tumanlaridagi meva-sabzavotchilik klasterlari 20-25 million dollarlik mahsulot eksport qilmoqda.

Yigʻilishda shu boradagi imkoniyat va muammolar, hosildorlik va bandlikni oshirish choralari muhokama qilindi.

– Ilgari paxtachilikda faqat xomashyo sotardik. Kotirovka eng yaxshi boʻlgan yilda daromad 1 milliard dollar atrofida boʻlardi. Mana, hozir paxtani oʻzimizda qayta ishlab, 3 milliard dollarga chiqdik. Bu faqatgina eksport koʻrsatkichi. Bu sohada hali qancha ish oʻrni, oylik, soliq bor. Ishni toʻgʻri tashkil etib, meva-sabzavotchilikda ham shunday natija qilish mumkin. “Oyogʻimizning tagida” imkoniyat turibdi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois meva-sabzavotchilik klasterlari, dehqon xoʻjaliklari va tomorqachilikni rivojlantirish, ularni moliyalashtirish, agroxizmatlar koʻlamini kengaytirish boʻyicha yangi tizim joriy etilishi taʼkidlandi.

Unga koʻra, shu yil 1-dekabrdan boshlab, Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan meva-sabzavot yetishtiruvchilarni imtiyozli kreditlash yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun klaster, fermer va bank oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Kreditlar bir yilga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, 14 foiz stavkada ajratiladi.

Klasterlarga aholidan mahsulot sotib olishga aylanma mablagʻ uchun 12 oylik “revolver” kreditlar ham beriladi. Yaʼni, klaster qachon zarur boʻlsa, mablagʻ oladi va foizini kreditdan foydalangan davr uchun toʻlaydi.

Ushbu maqsadlar uchun jami 2 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

Kichik intensiv bogʻ, uzumzor va meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun 14 foizlik imtiyozli stavkada 100 million soʻmgacha garovsiz kredit beriladi. Bunga xalqaro moliya tashkilotlarining 100 million dollar mablagʻi yoʻnaltiriladi.

Yana bir qoʻllov – eksport shartnomasi boʻlgan meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sugʻurtalash xarajatlarining 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.

Mutasaddi vazirliklarga mazkur tizimni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Kecha, 23-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorda kelgusi yili paxta va gʻalladan qisqartiriladigan 80 ming gektar yer aholiga dehqon xoʻjaligi tashkil etish uchun berilishi belgilandi.

Bu maydonlar ochiq elektron tanlov oʻtkazish orqali, 10 sotixdan 1 gektargacha oʻlchamda, 10 yil muddatga ijaraga beriladi.

Davlatimiz rahbari bunda yaratiladigan ish oʻrni va dehqonchilik tajribasi asosiy mezon boʻlishini, ehtiyojmand aholiga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

Bunday xoʻjaliklar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 2 yilgacha kredit ham beriladi. Lekin yerdan oqilona foydalanilmasa, ijara shartnomasi sud orqali muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.

Mutasaddilarga ushbu tartib asosida yerlarni ochiq tanlovga chiqarish, kadastr roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda tomorqa xoʻjaliklaridan samarali foydalanish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Yurtimizda aholi ixtiyorida 500 ming gektar atrofida tomorqa mavjud. Ularda mahsulot yetishtirishga koʻmaklashish uchun kelgusi yilda 100 million dollar yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Bu mablagʻ oilaviy tadbirkorlik dasturi asosida, imtiyozli shartlarda beriladi.

Tomorqa xizmati korxonalariga ham 300 million soʻmgacha garovsiz kredit beriladi. Samarali ishlayotgan shunday korxonalar negizida tomorqa xizmati klasterlari tashkil etiladi. Ularda koʻchatchilik issiqxonasi, kichik texnika parki, sovutkichli omborxona, quritish, saralash va qadoqlash kabi xizmatlar jamlanadi.

Tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish maqsadida har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etilib, ularga subsidiya beriladi.

Ekinlarni suv bilan taʼminlash ham dolzarb masala. Shu bois suv borishi qiyin tomorqalar va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sugʻorish xarajatlarining bir qismini byudjetdan qoplash tartibi 2026-yil 1-yanvargacha uzaytiriladigan boʻldi.

Xonadonda tovuq, quyon va chorva boqish – toʻqlik, toʻkinlik manbai. Bunday oilada eng zarur kundalik mahsulotlar doim boʻladi. Shu bois yigʻilishda xonaki parranda naslchiligini rivojlantirish, har bir tumanda veterinariya xizmati va kichik inkubatorlar tashkil etish, ozuqa yetkazib berish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tumanlarda meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirish boʻyicha loyiha ofislari tashkil etilishi belgilandi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosarlari, tarmoq va hudud rahbarlari soʻzga chiqdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?