Prezident qurilish loyihalarining samaradorligiga eʼtibor qaratdi

15:25 17 Oktyabr 2022 Siyosat
712 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-oktyabr kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Ulardan birinchisi Olimpiya shaharchasi haqida boʻldi. Bu majmua 2025-yilda Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishga moʻljallangan. Shunga muvofiq, xalqaro sport federatsiyalari talablariga javob beradigan olimpiya stadioni, yopiq va ochiq majmualar, suv sporti va eshkak eshish havzalari, mashgʻulot joylari qurilishi loyihalashtirilgan.

Bu galgi taqdimotda mazkur yirik loyihaning tashkiliy-moliyaviy jihatlari koʻrib chiqildi. Mutasaddilar bu borada xorijiy kompaniyalarning takliflari, qurilish materiallari va sport jihozlarini yetkazib berish jadvallari haqida axborot berdi.

Davlatimiz rahbari Olimpiya shaharchasini qurish bilan birga keyinchalik undan samarali foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

– Avvalo, ishlarni aniq rejali qilib, majmuani sifatli qurish, Osiyo oʻyinlarini yuqori saviyada oʻtkazish kerak. Yana bir muhim masala – keyinchalik bu shaharchadan qanday foydalanish. Shuning uchun musobaqadan soʻng, bu yerni ham murabbiylar, ham sportchilarni tayyorlaydigan muassasaga aylantirish zarur. Maʼmuriy binolarda Sportni rivojlantirish vazirligi va federatsiyalarni ham joylashtirish mumkin. Shunda bu yerda yaxlit sport muhiti boʻladi. Yoshlarimiz uchun sport inshootlari qurish bilan birga metodikani ham rivojlantirib borish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Taqdimotda Parkent tumanida turizmni rivojlantirish loyihasi ham namoyish qilindi.

Bu haqda shu yil 22-sentyabr kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining sessiyasida aytilgan edi. Prezidentimiz viloyatda turizm imkoniyatlari juda yuqoriligini taʼkidlab, tumanlarda bundan foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.

Shunga muvofiq, Zangiota, Chinoz, Ohangaron, Angren, Parkent va Boʻstonliq tumanlarini bogʻlaydigan “Toshkent viloyatining oltin halqasi” tashkil etilmoqda. Masalan, Parkent tumanida Kumushkon, Zarkent va Soʻqoq qishloqlari atrofida dam olish maskanlari koʻp. Lekin infratuzilma yetarli boʻlmagani sababli xizmatlar rivojlanmagan.

Shu bois bu boʻyicha alohida bosh reja ishlab chiqildi. Unga koʻra, Parkentdagi turizm hududiga olib boruvchi yoʻllar yaxshilanib, elektr energiyasi, ichimlik suvi tarmoqlari quvvati oshiriladi. Qarovsiz adirliklarga suv chiqarilib, soya-salqin maskanlar koʻpaytiriladi. Umuman aytganda, infratuzilma davlat tomonidan barpo etilib, turizm uchun istiqbolli hududlar auksionga qoʻyiladi.

Davlatimiz rahbari bu ham iqtisodiy, ham ijtimoiy loyiha ekanini taʼkidlab, infratuzilmani qurish ishlarini tizimli olib borish uchun boshqaruv kompaniyasi tuzish taklifini bildirdi.

Taqdimotda Surxondaryo viloyatidagi Hakim at-Termiziy maqbarasida ziyoratchilar uchun sharoitlarni kengaytirish rejalari ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?