Prezident O'zbekiston sog'liqni saqlash sohasi xodimlariga tabrik yo'lladi

19:28 07 Noyabr 2020 Siyosat
709 0

Qadrli doʻstlar!  

Avvalo, oʻz hayotini el-yurt salomatligini asrashdek gʻoyat masʼuliyatli va sharafli ishga bagʻishlagan siz, azizlarni kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.

Xalqimiz sizlarni dunyodagi eng ulugʻ kasb egalari, muqaddas qasamyodiga sodiq, oʻz ishiga fidoyi insonlar deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak qadrlaydi. 

Ayniqsa, hozirgi murakkab pandemiya sharoitida chinakam salomatlik posbonlari boʻlib maydonga chiqayotganingiz har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir. 

Ushbu xavfli kasallikka chalingan ming-minglab yurtdoshlarimizning shifo topib, oilasi bagʻriga qaytayotganida, hech shubhasiz, sizlarning beqiyos xizmatlaringiz bor. 

Fursatdan foydalanib, bu mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, oʻz hayotini xavf-xatarga qoʻyib, jasorat va matonat namunasini koʻrsatib kelayotgan barcha tibbiyot xodimlariga oʻz nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli tibbiyot xodimlari! 

Biz oʻz oldimizga xalqimizni har tomonlama rozi qilishdek ulugʻ vazifani qoʻygan ekanmiz, bu maqsadga erishish yoʻlida  sogʻliqni saqlash tizimini jadal rivojlantirishga birinchi darajali ahamiyat qaratmoqdamiz.

Keyingi toʻrt yilda bu borada sizlar bilan birga ulkan ishlarni amalga oshirdik. Bu davrda sohaga doir 200 ga yaqin meʼyoriy-huquqiy hujjat, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinganini qayd etish lozim. 

Yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar takomillashib bormoqda. Onalar va bolalar oʻlimining oldini olish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, oilalarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni oshirish, aholining oʻrtacha umr koʻrish darajasini uzaytirish boʻyicha sezilarli natijalar qoʻlga kiritilmoqda. 

Maʼlumki, 2020-yil Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimi uchun mislsiz sinov, ayni vaqtda izchil rivojlanish, yangi tajriba orttirish yili boʻldi. 

Soha rivoji uchun davlat byudjetidan 14,8 trillion soʻm yoki 2019-yilga nisbatan 1,2 barobar koʻp mablagʻ ajratilgani, shuningdek, Investitsiya dasturiga muvofiq ushbu tizimga 1,15 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgani mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, katta ishlarni amalga oshirish imkonini berdi. Jumladan, markazda va joylarda qisqa muddatda davolash-profilaktika muassasalari, karantin zonalari hamda saralash-taqsimlash markazlari barpo etildi, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 4 ming oʻrinli koʻp tarmoqli maxsus shifoxona ishga tushirildi. 

Oʻz vaqtida koʻrilgan bunday chora-tadbirlarimiz bugun ijobiy natija berayotganini alohida taʼkidlash lozim.

Ayni vaqtda reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar hamda bolalarga tibbiy yordam koʻrsatish sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish maqsadida zamonaviy tibbiyot markazlari, xususan, Toshkent shahrida Ikkinchi perinatal markaz, ilgʻor tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan, yiliga 1500 dan ziyod murakkab tibbiy amaliyotni bajarish imkonini beradigan Bolalar milliy tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi.

Soha xodimlarining mehnatini munosib ragʻbatlantirish, oylik maoshlarini koʻpaytirish, pandemiya sharoitida ishlayotgan shifokorlarga qoʻshimcha haq toʻlash boʻyicha yangi tizim joriy etildi. 

Bu yil olis qishloq va ovullarda 798 ta oilaviy poliklinika tashkil etilib, ularda ijtimoiy dorixona, kechayu kunduz ishlaydigan tez tibbiy yordam shoxobchasi, ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ham muhim ishlarimiz qatoriga kiradi. Shuningdek, akusher-ginekolog, xirurg, stomatolog, terapevt, pediatr kabi 5 ta yoʻnalishdagi tor soha mutaxassislari faoliyatini yoʻlga qoʻyish hisobidan qishloq ahliga malakali ambulatoriya yordami koʻrsatadigan tizim ish boshladi. 

Keyingi yillarda respublikamizda ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining umumiy soni 18 taga yetkazildi, hududlarimizda ularning 18 ta filiali tashkil etildi. Ushbu markazlarda buyrak va jigar transplantatsiyasi bilan bogʻliq murakkab operatsiyalar oʻtkazilmoqda. Hatto viloyatlarimiz markazlarida ham ochiq yurakda kardiojarrohlik operatsiyalari amalga oshirilmoqda.

Hozirgi vaqtda yurtimizda 5805 ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ular tibbiy xizmat sifatini oshirish va raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda 70 dan ortiq xususiy tibbiyot muassasasi koronavirus infeksiyasi boʻyicha laboratoriya xizmatlarini koʻrsatish, 25 ta shunday klinika esa diagnostika va davolash bilan shugʻullanmoqda. Aytish kerakki, xususiy sektorni kuchaytirish borasidagi ishlarimiz bugungi murakkab vaziyatda oʻzini toʻla oqlamoqda.

Davlat-xususiy sheriklik tizimi asosidagi tibbiy obyektlar soni ham koʻpayib bormoqda. Joriy yilda umumiy qiymati 51,4 milliard soʻmni tashkil etadigan 9 ta davlat-xususiy sheriklik hamda 187 ta autsorsing shaklidagi loyihalar amalga oshirilgani ham shundan dalolat beradi.

Respublikamizda Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etganimizdan xabaringiz bor. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi 150 ta zamonaviy “Ford” tibbiy yordam avtomashinasi bilan taʼminlandi. Natijada yurtimiz boʻyicha tez tibbiy yordam avtomashinalari soni 2514 taga yetdi. Eng muhimi, mazkur tizimda xizmat sifati yaxshilanib bormoqda.

Mamlakatimizda birinchi marta Gemodializ xizmatlari boʻyicha konsepsiya ishlab chiqilib, hozirgi kunda uni amalga oshirishga kirishildi. 

Yana bir muhim masala – soha uchun yuksak malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha ham muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu borada 2020-yilda tibbiyot yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalari bakalavriat bosqichi uchun 27 foiz, magistratura yoʻnalishida 28 foiz va klinik ordinatura tizimida 22 foizga oshirilgani va yangi mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgani gʻoyat muhim ahamiyatga egadir.

Hozirgi vaqtda Germaniya, Italiya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Belarus, Ukraina kabi davlatlarning oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda talabalar zarur mutaxassisliklar boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari asosida oʻqitilmoqda.

 

Muhtaram soha xodimlari!

Albatta, sogʻliqni saqlash tizimidagi barcha islohotlarimiz natijasi avvalo hurmatli shifokor va hamshiralar, yoshlarga tibbiyot sirlarini oʻrgatayotgan professor-oʻqituvchilar, ilmiy xodimlarning fidokorona mehnati, mahorat va tajribasiga bogʻliq ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz. 

Tibbiyot xodimlari kuni arafasida oʻtkazilgan katta anjumanda sizlar bilan birga mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimini bugungi kun talablari asosida rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish, profilaktika ishlarini kuchaytirish, ayniqsa, sogʻlom turmush tarzi tamoyillarini keng joriy etish, diagnostika va davolash jarayonlariga raqamli texnologiyalar, innovatsion yondashuvlarni tatbiq qilish bilan bogʻliq eng muhim va dolzarb vazifalarni belgilab oldik. 

Butun xalqimiz qatori bugungi ogʻir sinovlardan mardona oʻtayotgan, zamonamizning chinakam qahramonlari boʻlgan siz, tibbiyot xodimlari ana shunday masʼuliyatli vazifalarni ado etishda faol ishtirok etib, barchaga oʻrnak va namuna boʻlasizlar, deb ishonaman. 

Sizlarning mashaqqatli va olijanob mehnatingizni munosib qadrlash, tizim uchun malakali kadrlar tayyorlash, mamlakatimiz sogʻliqni saqlash sohasining raqobatbardoshligini oshirish, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va xorijiy tibbiyot markazlari bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish, telemeditsinani rivojlantirish  masalalari bundan buyon ham doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Sizlarni qutlugʻ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Qoʻlingiz dard koʻrmasin, hamisha sogʻ-omon boʻling, aziz shifokorlar!

 

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?