Prezident Oʻzbekiston raisligidagi maqsadlarga erishishda faol koʻmak uchun hamkasblariga samimiy minnatdorlik bildirdi

13:45 16 Sentyabr 2022 Siyosat
470 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi uchrashuvidan soʻng kengaytirilgan tartibdagi majlis boshlandi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlamoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

“Samarqand – biz SHHTni tuzishda asos qilib olgan bagʻrikenglik va turli xalqlarning anʼana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida hayotga tatbiq etilgan jonli namunadir”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Hozirgi kunda geosiyosiy raqobat, mafkuraviy ziddiyat va bahslardan xoli boʻlgan bunday muloqot favqulodda zarurligi bois Oʻzbekiston sheriklarga umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlidagi Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim etadi.

Bu tashabbusning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq boʻlmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuvlar va qarorlarni izlashga tayyor, “Samarqand ruhi” tamoyillariga hamfikr boʻlganlarning barchasini global sivilizatsiyalararo muloqotga jalb qilishdir.

Uning amaliy ijrosiga doir masalalarni siyosiy yetakchilar, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralarining nufuzli vakillari ishtirokida kelgusi yili Samarqand xalqaro forumida birgalikda koʻrib chiqish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida Oʻzbekiston raisligidagi maqsadlarga erishishda faol koʻmak uchun hamkasblariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

“Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligi yoʻlida mintaqaviy va global xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti yanada izchil rivojlanishiga hamda Tashkilotimiz nufuzining yuksalishiga munosib hissa boʻlib qoʻshiladi”, dedi Prezidentimiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?