Prezident Oʻzbekiston Qahramoni Hasan Normurodov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

12:24 24 Aprel 2021 Siyosat
1085 0

Oʻzbekiston xalqi ogʻir judolikka uchradi.

Atoqli davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining aʼzosi, “Nuroniy” jamgʻarmasining Samarqand viloyati boʻlimi raisi, Oʻzbekiston Qahramoni Hasan Norbekovich Normurodov shu yil 24-aprel kuni 82 yoshida vafot etdi.

Hasan Normurodov 1939-yil 16-noyabr kuni Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatib, Kattaqoʻrgʻon pedagogika bilim yurti va Samarqand davlat universitetida tahsil oldi.

Xizmat faoliyatini oʻrta taʼlim maktabining ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi lavozimida boshlab, koʻp yillar davomida Samarqand viloyatining turli shahar va tumanlarida ishladi.

Jumladan, Kattaqoʻrgʻon shahri, Jomboy, Narpay tumanlarida rahbarlik lavozimlarida, Samarqand viloyati partiya qoʻmitasining kotibi sifatida samarali faoliyat koʻrsatdi.

1988-1995-yillarda Samarqand viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi, 1995–2003-yillarda Xalq taʼlimi va fan xodimlari kasaba uyushmasining Samarqand viloyat kengashi raisi boʻlib ishladi.

2003-yildan hozirgi vaqtga qadar “Nuroniy” jamgʻarmasining Samarqand viloyati boʻlimi raisi vazifasida fidokorona mehnat qildi.

Hasan Norbekovich Normurodov 60 yildan ziyod mehnat faoliyati davomida oʻzining ulkan rahbarlik salohiyati, boy bilim va tajribasi, barchaga ibrat boʻladigan maʼnaviy fazilatlari bilan, jonajon Vatanimizga cheksiz muhabbati va sadoqati bilan haqli ravishda koʻpmillatli xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan ulugʻ inson edi.

Uning bevosita rahbarligida Samarqand viloyatining turli hududlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish va obodonlashtirish, aholining turmush darajasini yaxshilash, taʼlim-tarbiya tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirildi.

Hasan Norbekovich Normurodov haqiqiy xalq oqsoqoli sifatida hamisha el-yurtning dardu tashvishlari bilan yashadi. Ayniqsa, keksa avlod vakillari, xotin-qizlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib sharoit yaratish, aziz yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning kelajagini taʼminlash yoʻlida chinakam fidoyilik koʻrsatib, sidqidildan xizmat qildi.

U Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzosi sifatida mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimiz uchun zarur boʻlgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga katta hissa qoʻshdi.

Hasan Norbekovich Normurodovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Doʻstlik”, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari, “Oʻzbekiston Qahramoni” degan yuksak unvon bilan mukofotlangan edi.

Xalqimizning ulugʻ farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va fidoyi inson Hasan Norbekovich Normurodovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, E.Turdimov, S.Turdiyev

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?