Prezident Olimpiada gʻoliblarining trenerlariga 20 mingdan 40 minggacha, gʻalaba qozonolmagan ishtirokchilarga esa 5 ming dollardan berilishini maʼlum qildi

16:09 13 Avgust 2021 Sport
577 0

Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi boshlangani haqida xabar bergan edik. 

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiadada oʻrin ololmaganlar ham ragʻbatlantirilishini maʼlum qildi.

«Albatta, jahonning eng yirik sport musobaqasi boʻlmish Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etishning oʻzi katta sharaf va masʼuliyat. Buni barchamiz yaxshi tushunamiz. Buning uchun qancha ogʻir dovonlardan, mashaqqatli sinovlardan oʻtish talab etiladi.

Bu gal omadi kelmagan sportchilarimizga qarata, ruhingiz tushmasin, kelgusi safar baxt sizlarga albatta kulib boqadi, deb ishonch bildirmoqchiman.

Ular ham keskin bahslarda gʻayrat va shijoat bilan kurash olib borib, katta sinovlarda oʻz salohiyatini namoyon etganlari biz uchun muhimdir. Shuning uchun ularni ham gʻoliblar qatorida koʻrib, chin dildan olqishlaymiz.

Biz Olimpiadaning gʻolib va sovrindorlari, ularning trenerlari hamda barcha ishtirokchilarni munosib taqdirlashga qaror qildik.

Oʻzbekistonda Olimpiada oltin medali sohiblari – 200 ming AQSH dollaridan, bronza medali egalari – 50 ming AQSH dollaridan mukofot puli bilan taqdirlanishi belgilab qoʻyilganidan xabaringiz bor, albatta.

Bugun gʻolib va sovrindor sportchilarimizni tayyorlashda chinakam fidoyilik koʻrsatgan Toʻlqin Qilichev, Pavel Xan, Farhod Mirzajanov, Nurali Qobulov, Muzaffar Abdurahmonov kabi tajribali murabbiylarning nomlarini chuqur hurmat bilan tilga olamiz.

Biz Olimpiya chempionlarining trenerlarini – 40 ming AQSH dollaridan, bronza medal sohiblarining murabbiylarini 20 ming AQSH dollaridan mukofotlashni lozim deb topdik.

Agar Olimpiadada ishtirok etgan har bir sportchi koʻp yillik ogʻir tayyorgarlik jarayonidan oʻtishini koʻz oldimizga keltirsak, ular ham bugun gʻoliblar qatorida taqdirlanishga munosib ekaniga amin boʻlamiz.

Shuni hisobga olgan holda, bu sportchilarimizning har birini 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantirishga qaror qildik», - dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?