Prezident huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi direktori vafot etdi

17:15 12 Avgust 2021 Jamiyat
471 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi direktori Mirzamuratov Nurlibek Yusupovich olamdan oʻtdi.

Mirzamuratov Nurlibek Yusupovich 1963-yil 4-sentyabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumanida tugʻilgan, millati qoraqalpoq, maʼlumoti oliy. 1990-yilda Toshkent avtomobil yoʻllari institutini tamomlagan, mutaxassisligi boʻyicha muhandis-quruvchi. “Adolat” sotsial demokratiyalik partiyasi aʼzosi, 2012-2014-yillar oraligʻida Xalq deputatlari Moʻynoq tumani Kengesi deputati, 2014-2019-yillar oraligʻida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati boʻlgan.

1996-yilda “EKOSAN” xalqaro tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali yetakchi mutaxassisi, 1996-2005-yillar “EKOSAN” xalqaro tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali direktorining oʻrinbosari, 2005-yildan 2018-yilgacha “EKOSAN” xalqaro xayriya jamoat fondining Qoraqalpogʻiston hududiy tashkilotining direktori lavozimida ishlab kelgan. 2018-yil oktyabr oyidan umrining oxirgi kunlarigacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi direktori lavozimida samarali faoliyat yuritib keldi.

Mirzamuratov Nurlibek Yusupovich, oʻzining ish faoliyati davomida professional etika qoidalariga amal qila oladigan rahbar ekanligini namoyon etish bilan birga, keyingi yillarda Orol dengizi qurigan tubida shoʻrlangan yerlarda ekotizim va barqaror turmush darajasini taʼminlash, xalqaro tashkilotlar bilan innovatsiya va yerlarning shoʻrlangan hududlarida ekologik muammolarni hal qilish boʻyicha mahalliy olimlar va chet ellik xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish va tajriba uchun eksperimental maydonlarni yaratish ishlarida faol va sidqidildan xizmat koʻrsatib kelgan.

Vatan oldida koʻrsatgan fidokorona xizmatlari eʼtiborga olinib, 2020-yilda Oʻzbekiston hukumati tomonidan “Vatan fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?