Prezident futbol maktabini koʻzdan kechirdi

18:43 12 Avgust 2022 Siyosat
877 0

Foto: president.uz

Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi davomida “Metallurg” futbol klubi qoshidagi “El Golazo” futbol akademiyasida boʻldi.

Ushbu maktab Ispaniyaning taniqli “Real Madrid” klubi jamgʻarmasi koʻmagida tashkil etilgan boʻlib, oʻtgan yili oktyabrda faoliyat boshlagan. Tabiiy va sunʼiy chimli stadionlar, fitnes zali, oʻquv binolari va yotoqxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Oʻquv-mashgʻulotlari “Real Madrid” futbol klubi anʼanalariga mos ravishda olib boriladi. Murabbiylarning uch nafari ispaniyalik.

Bugungi kunda akademiyada 200 nafardan ortiq oʻquvchi saboq olmoqda. Bu yerda oʻqish istagidagi yoshlar koʻp. Shu bois 11 yoshdan 17 yoshgacha bolalar tanlov asosida qabul qilinadi. Yaqinda 48 nafar iqtidorli tarbiyalanuvchi Ispaniyada mahorat oshirib keldi.

Davlatimiz rahbari akademiyada yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi, bolalar bilan suhbatlashdi.

- Shunday zamonaviy sharoitlarda oʻqiyotganingiz, yonib turgan koʻzlaringizni koʻrib, xursand boʻldim, - dedi Prezident. - Kelgusida sizlardan mashhur futbolchilar, chempionlar yetishib chiqishiga ishonaman. Eng muhimi, sogʻlom boʻlib ulgʻayasiz, farzandlaringizni ham sportga oshno qilib tarbiyalaysiz. Maqsadimiz - yoshlar oʻrtasida ana shunday muhitni shakllantirish.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga bu futbol maktabi tajribasini ommalashtirish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Bekobodlik nuroniylar, sektorlar rahbarlari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari bilan ham samimiy suhbat boʻldi. Yangi “mahallabay” tizimini joriy etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, fuqarolar muammolarini hal qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida fikr almashildi.

Shu bilan Prezidentimiz Bekobod shahriga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?