Prezident byudjet mablagʻlaridan foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi

14:27 10 Iyul 2024 Siyosat
249 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev byudjet mablagʻlaridan foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun dunyodagi murakkab jarayonlar iqtisodiyotga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Mablagʻ topish, jamgʻarish, koʻpaytirish tobora qiyin boʻlib bormoqda. Bunday sharoitda bor manbalardan samarali foydalanish, tejamkorlik va aniqlik yanada muhim.

Shu yil 16-yanvar kuni iqtisodiyotdagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari byudjet xarajatlarining samaradorligi masalasiga alohida toʻxtalib, moliyaviy nazoratni kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.

Maʼlumki, bu vazifani Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi amalga oshiradi. Hozirgi tizimda faqat byudjet va maqsadli jamgʻarmalar xarajati tashqi audit bilan qamrab olingan. Bu jami xarajatlarning 86 foizini tashkil etadi.

Shu bois Hisob palatasi tomonidan konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosini tashqi auditdan oʻtkazish taklif etilmoqda. Bu byudjetdan tashqari jamgʻarmalar hamda tashqi qarz hisobidan xarajatlarni ham qamrab olish imkonini beradi.

Hisob palatasi faoliyatida davlat dasturlaridagi milliy maqsad va vazifalarga erishishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflarni baholashga qaratilgan strategik audit hamda davlat tashkilotlaridagi dasturiy taʼminotlar samaradorligi boʻyicha axborot texnologiyalari auditi joriy etilishi moʻljallanmoqda.

Yurtimizda 30 mingga yaqin byudjet tashkiloti va davlat korxonalari boʻlib, ularni joyiga chiqib oʻrganishga koʻp vaqt va mablagʻ ketadi. Shuning uchun Hisob palatasida “Masofaviy nazorat markazi” ishga tushirildi. Endi ilgʻor xorijiy tajriba asosida 36 ta risk-tahlil mezonlari va indikatorlarini takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Soʻnggi yillarda hududlar rivojiga katta mablagʻlar yoʻnaltirilayapti. Lekin mahalliy kengashlar byudjet muhokamasida asosan viloyat yoki tuman byudjeti bilan cheklanayapti. Bu – har bir hududga barcha manbalardan berilayotgan mablagʻlarning 65-70 foizi ularning nazoratidan chetda qolayapti, degani.

Shu bois Hisob palatasi byudjet jarayonini nafaqat Oliy Majlis palatalarida, balki mahalliy kengashlarda ham muhokama qilib borishi kerakligi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер