Poliklinika faqat tibbiy maslahat beruvchi maskan emas

15:41 10 May 2022 Jamiyat
429 0

Foto: Халқ сўзи

Soʻnggi yillarda respublikamizda, jumladan, Andijon viloyatida sogʻliqni saqlash tizimiga boʻlgan eʼtibor har doimgidan ortdi. Ayniqsa, birlamchi tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish borasidagi ishlar koʻlami kengaydi. Bu boradagi saʼy-harakatlar Prezidentimizning shu yil 18-mart kuni tibbiyot xodimlari bilan boʻlib oʻtgan ochiq muloqotida ilgari surgan taklif va topshiriqlari asosida yanada jadallashdi.

Xususan, Andijon shahridagi 8-oilaviy poliklinikada amalga oshirilgan mukammal taʼmirlash ishlari natijasida hududdagi 10 ta mahalla fuqarolar yigʻini aholisining statsionar tibbiy xizmatga boʻlgan ehtiyoji taʼminlandi.

— Poliklinikamiz Andijon shahrining eng aholi koʻp istiqomat qiladigan hududida joylashgani bois tunu kun xizmat faoliyati tashkil etilgan, — deydi bosh shifokor Maʼrufjon Buvabekov. — Yaratilgan sharoit tufayli 55 ming 987 nafar mahalladoshlarimizga malakali tashxis qoʻyish va davolash imkoniga ega boʻldik. Misol uchun, 2021-yilning birinchi choragida poliklinikamizga 258 nafar bemorlar murojaat qilgan boʻlsa, ularning barchasi boshqa shifo maskanlarida davolanishlariga toʻgʻri kelgan. 2022-yilning 1 choragida murojaat qiluvchilar soni 346 nafarni tashkil etgani holda shundan 307 nafarini aynan poliklinikaning oʻzida davoladik. Maskanimizning yana bir afzallik jihati shundaki, endi bemorlar toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzimizga qoʻngʻiroq qilib, uyga tez tibbiy yordam guruhini chaqirishlari mumkin. Buning uchun barcha zarur texnik vositalar bilan taʼminlanganmiz. Agar bemor tezkor davolanishi kerak boʻlsa, poliklinikamizga olib kelinadi va muolajalar koʻrsatiladi.

Poliklinikada 20 oʻrinli statsionar davolash boʻlimi tashkil etilib, Andijon davlat tibbiyot instituti klinik kafedrasi koʻchirib kelindi. Hozirda poliklinikada yurak-qon tomir, nafas yoʻllari, ovqat hazm qilish sistemasi aʼzolari kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlar soni nisbatan koʻp boʻlib, ularga tajribali tibbiyot xodimlari xizmat koʻrsatyapti.

— Avvallari bu poliklinika tibbiy maslahat beruvchi maskan vazifasini oʻtagan, xolos, — deydi bemor Mukarramxon Ashuraliyeva. — Shu bois bu yerga kelishni emas, toʻgʻridan-toʻgʻri kasalxonalarga borishni afzal bilganmiz. Hozirga kelib, tez tibbiy yordam koʻrsatish, tahlil oʻtkazish va davolash imkoniyatlari yaratilgani uchun birinchi oʻrinda murojaat qiladigan maskanimizga aylandi. Bu bizga har tomonlama qulaydir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер