Poʻlat Bobojonov: “Saylov bilan bogʻliq qonunbuzilish holatlar haqida hech qanday xabar kelib tushgani yoʻq”

11:28 24 Oktyabr 2021 Jamiyat
123 0

Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Vazir oʻz soʻzida saylov kuni xavfsizlikni taʼminlash va qonun buzilishlarini oldini olish borasida tezkor choralarni koʻrish uchun ichki ishlar organlarida tuzilgan navbatchilik hamda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ovoz berish jarayonlari toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdi.

Qayd etilganidek, Saylov Kodeksining 49-moddasiga asosan Jamoat tartibini saqlash, saylov oʻtkaziladigan binolar va joylarni qoʻriqlash, shuningdek, saylov natijalariga doir hujjatlarni tashish chogʻida uchastka saylov komissiyalari aʼzolarini kuzatib borish tegishli vakolatli organlarning zimmasiga yuklatilishi belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi tomonidan saylov okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Jumladan, saylov uchastkalarini kuzatuv kameralarini oʻrnatish bilan birga, 4 mingga yaqin turarjoy binolari yongʻinni oʻchiruvchi maxsus vositalar bilan taʼminlandi. Saylov bilan bogʻliq tadbirlarni xavfsiz oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida 53 mingdan ortiq huquq-tartibot idoralari vakillari ushbu jarayonlarga jalb etildi.

Taʼkidlash joiz, saylov oʻtkaziladigan binolarda xavfsizlik nuqtayi nazaridan barcha zaruriy choralar koʻrildi. Bundan tashqari har bir saylov uchastkasi binosi atrofida hududiy profilaktika inspektorlari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va yoʻl-patrul xizmati xodimlarining xizmati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, har bir saylov uchastka binosida tibbiyot xodimlarining ham navbatchiligi tashkil etildi.

Prezident saylovida ilk bor 8677 nafar uncha ogʻir boʻlmagan yoki ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgani uchun jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar ham ishtirok etmoqda. Ayni paytgacha ularning 75 foizi nafari ovoz berdi.

Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalaridagi saylovchilarning ovoz berish huquqi toʻliq taʼminlanadi. Ovoz berish yakunlanganidan soʻng uchastka saylov komissiyasining bayonnomalari ham alohida kuzatuv bilan okrug saylov komissiyalariga yetkazib borilishi taʼminlanadi.

Vazir ayni paytgacha saylov bilan bogʻliq qonunbuzilish holatlar haqida hech qanday xabar kelib tushgani yoʻqligi haqida maʼlum qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?