Pokiston ommaviy axborot vositalari: Islomobod va Toshkent muzokaralar orqali Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishda muhim ovozga ega

11:49 19 Avgust 2020 Siyosat
630 0

“National Herald Tribune”, “Daily Islamabad Post” va “Daily Business World”, “Centreline” axborot agentliklari veb-saytlari, shuningdek, Pokiston global va strategik tadqiqotlar tahlil markazining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «Oʻzbekiston-Pokiston va Afgʻonistonda tinchlik» ( Uzbekistan-Pakistan and Peace in Afghanistan) sarlavhali maqola nashr etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Maqola muallifi xalqaro munosabatlar doktori Mahmud ul-Hasan Xon, oʻz materialida Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Maqolada qayd etilishicha, Afgʻonistonda barqaror tinchlik oʻrnatilishi keng xalqaro ahamiyatga ega boʻlib, mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni va savdo faoliyatini yana-da yaxshilaydi. Mintaqa mamlakatlari, xususan, Pokiston va Oʻzbekiston Afgʻonistonga muzokaralar, diplomatiya, muloqot va iqtisodiy rivojlanish orqali tinchlik oʻrnatishda muhim rol oʻynaydi.

«Darhaqiqat, Toshkentning Afgʻonistondagi siyosati avval boshdan Kobul bilan “jadal iqtisodiy hamkorlik”, transport va logistika loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, shuningdek, mamlakatning taʼlim dasturlarini kengaytirish orqali afgʻon fuqarolari qalbini zabt etadigan yechim topishga asoslangan edi», deyiladi maqolada.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afgʻoniston muammosini hal qilishga innovatsion yondashuvi Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish strategiyasini ilgari surishga yordam beradi. Toshkent yirik xalqaro manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qiladi va iqtisodiyot, logistika, taʼlim sohalarida turli loyihalarni taklif qiladi. Hatto, Afgʻoniston hukumati bilan Tolibon harakati oʻrtasida muzokaralar tashkil etish istiqbollarini koʻrib chiqmoqda.

Oʻzbekistonning ushbu sohadagi noyob yutuqlaridan biri infratuzilma, energetika va savdo-sotiqni rivojlantirishga qaratilgan Afgʻoniston bilan iqtisodiy hamkorlikning mavjudligidir. Oʻzbekiston Afgʻonistonga gumanitar yordamni yetkazib berish uchun Termiz shahrida bojxona punktini ochdi. Mozori Sharif – Kobul uchastkasida mamlakatning Shimoli bilan Janubi oʻrtasida uzluksiz aloqani taʼminlash uchun 11 ta koʻprik qurdi. Hayraton – Mozori Sharif temir yoʻli Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida qurilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Transafgʻon transport yoʻlagi loyihasi doirasida Mozori Sharif – Hirot temir yoʻlini qurishga katta qiziqish bildirdi. Bundan tashqari, Toshkent Afgʻonistonga elektr energiyasining yetakchi yetkazib beruvchisiga aylandi. 2009-yilda Gʻuzor – Surxon elektr uzatish liniyasi ishga tushirildi, buning natijasida elektr yetkazib berish hajmi 300 MVtgacha ortdi. 

Natijada, 2016-yilga kelib, Afgʻonistonga 1,5 milliard kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berildi.

Bundan tashqari, muallif 2018-yil mart oyida Oʻzbekiston Afgʻoniston boʻyicha yirik xalqaro konferensiyani Toshkentda oʻtkazganiga alohida eʼtibor qaratdi. Konferensiya afgʻonlararo muzokaralarni qayta boshlash uchun platforma boʻlgan va muammolarni diplomatiya orqali hal qilishga undagan. 

Muallifning fikricha, Oʻzbekistonning Afgʻonistonga nisbatan taʼlim va xalq diplomatiyasi sohasidagi saʼy-harakatlari alohida eʼtiborga loyiqdir.

Xususan, Toshkent tomonidan turli taʼlim loyihalari ishlab chiqilgan. Bu orqali xalqlar oʻrtasida aloqalar oʻrnatildi va natijada “Afgʻonistonda xalqaro taʼlimni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” yaratildi. Afgʻoniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida afgʻon fuqarolarini oʻqitish boʻyicha maxsus oʻquv markazi tashkil etildi.

Oʻtgan yili markazda 100 dan ortiq afgʻon talabalari qabul qilindi.

Maqola muallifining soʻzlariga koʻra, Afgʻoniston masalasiga alohida eʼtibor, yaqin siyosiy tushunish, ikki tomonlama savdo-sotiqning yaxshilanishi, sayyohlikning oʻsishi va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha mintaqadagi qoʻshma saʼy-harakatlar tufayli yana-da kuchaygan Pokiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tahsinga loyiqdir.

Pokiston va Oʻzbekiston yuqori darajadagi siyosiy tushunchani, mintaqada tinchlik va hamjihatlik, temir yoʻl yoʻlagini qurish, iqtisodiyotning turli sohalariga sarmoyalarni jalb qilish orqali ijtimoiy-iqtisodiy farovonlik va oʻzaro bogʻliqlik maqsadlariga erishishga qatʼiy sodiqlikni namoyish etdi. Shuningdek, bu Oʻzbekistonning Afgʻonistonga tinchlik oʻrnatish va muloqot orqali rivojlanish yoʻlidagi samimiy harakatlarini namoyish etdi.

Pokiston hukumati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqada va undan tashqarida barqaror tinchlik va barqarorlikka erishish borasidagi saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikka alohida ahamiyat beradi.

Mahmud ul-Hasan Xon, Pokiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarda erishilgan natijani hisobga olgan holda, tomonlar Afgʻoniston hududi orqali energetika, logistika, transport va temir yoʻl qurilishi sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni yana-da kuchaytirish orqali tinchlikka erishish, ushbu mamlakat iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash mumkinligini taʼkidlamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?