Poytaxtimizda mehnatsevar ayollar aks etgan fotokoʻrgazma ochildi

20:07 06 Mart 2023 Madaniyat
1157 0

Toshkent fotosuratlar uyida badiiy akademiya va Oʻzbekiston davlat arxivi hamkorligida tashkil qilingan «Oʻzbekiston xotin-qizlari taʼlim sohasida» nomli xalqaro fotokoʻrgazmaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Koʻrgazmada sanʼat, taʼlim, geotexnika, qishloq xoʻjaligi kabi bir qator jabhalarda faol qatnashib kelayotgan xotin-qizlar va keng jamoatchilik vakillari jam boʻldi.

Tadbir milliy kuy qoʻshiqlar bilan start oldi. Soʻzga chiqqanlar ayol-qizlarni kelayotgan ayyomi bilan qutlab, hozirda ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar haqida toʻxtalishdi.

Fotokoʻrgazmada mustaqillikdan tortib hozirgacha boʻlgan davr xotin-qizlarining ilm-fan sohasida amalga oshirgan ishlari aks etgan fotosuratlar taqdim etilgan.

— Ayol. Birgina shu soʻz zamirida olam-olam maʼno mujassam. Moʻtabar ayollarimiz kelajak avlod tarbiyachisi, mehr va vafo timsolidir. – dedi telejurnalist Nasiba Ibrohimova. — Qay soha, qay yoʻnalishni olmaylik, oʻzbek ayoli javlon urib mehnat qilmoqda. Bu yerda taqdim etilgan suratlarni koʻrib oʻzbek ayoliga tahsin aytgingiz, sharaflagingiz keladi. Koʻrgazmani tomosha qilayotib hayolimdan «Bu oʻzbek ayollariga bagʻishlangan qasidaning oʻziku» degan oʻy kechdi. Chunki ularda har bitta mehnatkash ayolning bosib oʻtgan zahmatli yoʻli mohirona aks ettirilgan.

Darhaqiqat, koʻrgazmadagi fotosuratlar tashrif buyurganlarning xotirasiga muhrlandi, ularda oʻzgacha taassurotlar uygʻotdi.

Fotokoʻrgazma yana besh kun davom etadi.

Marjona OMONQULOVA,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?