Yashnobod tumani davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi

18:33 16 Oktyabr 2021 Jamiyat
263 0

Poytaxtimizda Yashnobod tumani davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida bunyod etilgan ushbu markaz zamonaviy IT-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan.

Bu yerda fuqarolarga bir vaqtning oʻzida 160 dan ortiq turdagi xizmatlar koʻrsatish imkoni mavjud. Axborot kioskasi, salomatlik burchagi, bolalar maydonchasi hamda kutubxona tashkil qilingan.

Markazda koʻplab davlat xizmatlaridan eksterritorial tamoyili asosida, yaʼni yashash va turgan joydan qatʼi nazar foydalanish mumkin. Qolaversa, majmuada elektron navbat tizimi bilan integratsiya qilingan maxsus platforma mavjud boʻlib, uning yordamida mijozlar xizmat koʻrsatish jarayoni hamda xizmat koʻrsatgan xodimni baholashi mumkin boʻladi. Bu esa fuqarolar bilan qayta aloqaning muhim usullaridan biri sifatida murojaatchilar uchun xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirishga yordam beradi.

Tashrif buyuruvchilarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda, davlat xizmatlaridan foydalanishda NFC maxsus qurilmasi ishga tushirildi. Uning yordamida ID kartadagi fuqaroning shaxsi aniqlanadi hamda tizimda arizachining maʼlumotlari avtomatik tarzda toʻldiriladi.

Murojaatchilar bir nuqtada turli masalalarga yechim topishi mumkin. Yaʼni endilikda fuqarolarning idorama-idora ovoragarchiliklarining oldini olish maqsadida binoga Xalq qabulxonasi, Bosh vazir qabulxonasi hamda FHDYO boʻlimlari ham joylashtirildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, hozirgi kunda Toshkent shahrida 12 ta davlat xizmatlari markazi mavjud boʻlib, ularning uchtasi zamonaviy shart-sharoitlarga ega.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?