Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini hal eta olyaptimi?

17:59 30 Noyabr 2020 Jamiyat
281 0

Prezident Xalq qabulxonalari Toshkent shahridagi ommaviy qabullar haftaligi doirasida tashkil qilgan poytaxt sektorlari rahbarlarining sayyor qabulida ham aholini oʻylantirayotgan qator masalalar oʻrganilib, ularga yechim izlandi.

Toshkent shahar 2-sektori rahbari 53 nafar murojaatchining ariza-shikoyatlari va takliflarini tinglab, har bir masalaga qonuniy-adolatli yechim topishni oʻz zimmasiga oldi. Deylik, Dadabek Norqulov kabi yana 8 nafar murojaatchi poytaxtimizda joylashgan korxonalardan biridan 49,3 mln. soʻmdan ziyod ish haqlarini undirib berishda amaliy yordam soʻradi. Bu murojaat oʻn kun ichida oʻrganilib, ijobiy hal qilib beriladigan boʻldi.

Xususiy korxona rahbari Bahrom Nosirovning masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan biridan kredit qarzdorligini undirish masalasidagi murojaatini hal qilib berish boʻyicha ham 10 kun muddat belgilab olindi.

Mirobodlik Abdumannop Abdumursalovning tergov harakatlaridan norozilik bildirgan murojaati ham nazoratga olindi.

Olmazor tumani Oʻrol Tansiqboyev koʻchasidagi koʻp qavatli 23-uyda yashovchi aholi vakillari Toshkent shahri 3-sektori rahbariga oʻzlari yashayotgan uylarga xizmat koʻrsatuvchi shirkat faoliyatidan shikoyat qildi. Aytilishicha, shirkatga koʻp qavatli uylarning tomni taʼmirlash uchun kredit ajratilgan boʻlsa-da, ishlar chala qolib ketgan. Kamiga bajarilgan ishlar uchun nasiyaga olingan qurilish materiallari va ustalarning xizmat haqlarini berishda ham muammolar bor. 3-sektor rahbari bu masalani toʻliq oʻrganib, muammoni qonuniy-adolatli hal qilib berishni oʻz zimmasiga oldi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bitiruvchisi Akbar Xudoyberdiyev esa oʻz murojaatida ichki ishlar tizimida ishlash niyatida ekanini bildirib, shu masalada amaliy yordam soʻradi. Unga poytaxt mahallalaridan biridagi boʻsh turgan profilaktika inspektori vazifasi taklif etildi.

Ommaviy qabul doirasida Prezident virtual qabulxonasiga fuqarolik masalasida murojaat qilgan qator yurtdoshlarimizning chorak asrlik orzulari ham ushaldi. Ularga davlatimiz rahbari farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik pasportlari topshirildi.

Yunusobodlik Gulnora Hoshimova pasportining amal qilish muddati oʻtgan, hech qayerda roʻyxatda turmaydi. 61 yoshli bu ayol hujjatlaridagi muammo tufayli hali hanuz nafaqaga ham chiqmagan. Toshkent shahri 4-sektori rahbari Gulnora opaning murojaatini tinglar ekan, bu muammoga kompleks yechim topib berdi. Dastlab ular Yunusobodning Posira mahallasidagi koʻp qavatli 5- «a» uydan doimiy foydalanish huquqi asosida turar-joy bilan taʼminlanadigan boʻldi. Shu asosda ayol mazkur joyda doimiy roʻyxatga qoʻyiladi, soʻng uning nafaqaga chiqish bilan bogʻliq masalalari hal qilib beriladi.

Yakkasaroylik 65 yoshli Vali ota Alimov ham 4-sektor rahbaridan koʻzini davolatishda amaliy yordam soʻradi. Otaxonning koʻz xastaligi kuchayib, koʻrish qobiliyati susaymoqda, biroq jarrohlik amaliyoti oʻtkazishga imkoniyati yoʻq. Bu masala Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi bilan birga shu yerda oʻrganib chiqilgach, otaxonga koʻz jarrohligi amaliyotini oʻtkazish va bepul davolanish uchun order berildi.

Farida Norqobilovaning turmush oʻrtogʻi iqtisodchi mutaxassisligiga ega boʻlsa-da, shu paytga qadar ishsiz edi. Hayot, oila, roʻzgʻor tashvishlari esa ogʻir yuk boʻlib turibdi. Ayolning murojaatidan soʻng uning turmush oʻrtogʻi soliq tizimiga ishga qabul qilinadigan boʻldi.

Ertalab boshlanib, tunga qadar davom etgan ommaviy qabulda eng oxirgi murojaatchigacha diqqat bilan tinglanib, dardu tashvishi eshitildi, ularni hal etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Bunday ariza va shikoyatlar ijrosi Xalq qabulxonalari nazoratiga olindi.

Fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, aholi bilan ochiq, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kuchaytirish bugunning dolzarb vazifalaridan biri. Olot tumani. Buxoro viloyatining eng chekka hududlaridan biri hisoblanadi.

Mazkur tumanda oʻtkazilgan ommaviy qabulda nafaqat ushbu tuman, qolaversa, viloyatning boshqa hududlari aholisining turli sohalarga oid muammolari, talab va takliflari eshitildi. Qabul chogʻida fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, adolatni qaror toptirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Raqamlarga murojaat qilamiz. Shu kuni 126 nafar fuqaroning 300ga yaqin murojaati sektorlar rahbarlari, viloyat korxona va tashkilotlari mutasaddilari ishtirokida birma-bir muhokama qilindi. Fuqarolarning 47 nafarini shaxsan viloyat hokimining oʻzi qabul qilib suhbatlashdi. Ularning 70ga yaqin “muammo”sini tingladi.

Murojaatlarning aksariyati uy-joy qurish uchun yer ajratish, moddiy yordam, pensiya, bolalar nafaqasi, ishga joylashish, bank-moliya, soliqqa tortish, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi taʼminotidagi uzilishlar, sogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjalik, yoʻllarni taʼmirlash, taʼlim sohasidagi muammolar, tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan boʻldi.

Qorovulbozor tumanidagi “Neftchi” oʻrmon xoʻjaligiga tegishli yer maydonlarini ijaraga olib, chorvachilik faoliyati bilan shugʻullanib kelaman. Oila aʼzolarimdan tashqari qoʻl ostimda 3 nafar ishchim ham bor. Bajargan barcha ishlarimni qonuniy asosda amalga oshirganman. Yaʼni belgilangan ijara shartnomasiga muvofiq toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlab kelyapman. Biroq hozirda oʻrmon xoʻjaligi rahbariyati qayta ijara shartnomasi tuzishga toʻsqinlik qilmoqda.

Shu masalada yordam bersangiz, deb kelgandim, – dedi oʻzini Mansur Ahmedov deb tanishtirgan fuqaro birinchi sektor rahbariga yuzlanib. Ushbu masala muhokama qilib, uning yechimi izladi. Natijada oʻrmon xoʻjaligi va tadbirkor oʻrtasida qayta ijara shartnomasi tuziladigan boʻldi.

“Bunyodkor” mahallasida yashovchi Muqaddas Rahimovaning ham anchadan beri oʻylantirib kelayotgan ish muammosi sayyor qabulda yechim topdi.

Shu yerda Muqaddas Rahimovaga viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan “Toza hudud” DUKda nazoratchilik ishi taklif qilindi. Muqaddas Rahimova uyiga xursand holda qaytdi.

Muddat talab etiladigan masalalarni tegishli tartibda bartaraf etish boʻyicha masʼullarga koʻrsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Hududlarda Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan tashkil etilayotgan ommaviy qabullar davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?