Pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi

16:27 16 Noyabr 2020 Jamiyat
1320 0

Mamlakatimizda pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, mamlakatimizga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan. Ayniqsa, bu matoh favqulodda hodisalar, jumladan, yongʻin keltirib chiqarishi, odamlarga ogʻir jarohat yetkazishi mumkin.

Shuni aytish lozimki, yangi yil bayrami arafasida pirotexnika vositalaridan foydalanmaslik sodir boʻladigan koʻplab noxushliklarning oldini oladi. Bunda huquq-tartibot idoralari xodimlari qatorida har bir ota-ona, mahalla-koʻy, taʼlim muassasalari mutasaddilari birdek masʼul.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining xabariga koʻra, boshqarmaning Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari bilan hamkorlikda pirotexnika vositalarini koʻcha-koʻyda pullash bilan bogʻliq noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida Samarqand shahrida tezkor tadbir oʻtkazishdi.

Tadbir davomida “KIA Carnival” rusumli avtomashinaning yukxonasida fuqaro U.A.ga tegishli boʻlgan, xorijda ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 111 million soʻmlikka yaqin, jami 9 turdagi 56172 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi hamda ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan dastlabki bojxona surishtiruvlari olib borilmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?