Pillachilikda ilmiy yondashuv oʻz natijasini bermoqda

17:38 08 Avgust 2022 Jamiyat
224 0

Foto: Xalq so‘zi

Pillachilikda ozuqa manbai sanalgan tut daraxtlarini koʻpaytirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shunga koʻra respublikamizda tut plantatsiyalari maydonini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Joriy yilning bahor mavsumida 70 mln tup tut koʻchatlari ekilgani holda bu koʻrsatkich kuz mavsumida yana 53 mln tupga ortishi rejalashtirilgan. Bunda yuqori navli koʻchatlarni tanlab olish kelgusida moʻl hosil yigʻish imkonini beradi. Quvonarlisi shundaki, tut maydonlariga ekilayotgan koʻchatlarning barchasi mahalliy sharoitda tayyorlanmoqda.

— Maʼlumki, pillachilik sohasi boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda uchinchi oʻrinda turadi, — deydi Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Ipak” tutchilik klasteri rahbari Abdufattoh Musulmonqulov. — Soʻnggi yillarda hukumatimiz tomonidan ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilindi. Pillakorlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar koʻlami tobora ortdi. Endigi vazifa faoliyatga ilmiy jihatdan yondashib, yanada yuqori koʻrsatkichga erishishdan iborat. Ana shu maqsadda klasterimizda dunyoning 18 davlatidan olib kelingan 240 turdagi tut koʻchatlari parvarishlanmoqda. Ularni mahalliy sharoitga moslashtirish, yangi navlarni yaratish borasida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Hozirda klasterimizda tutning ikkita yangi navi yaratildi va ular serhosil, kasallikka chidamli boʻlgani bois pillachiklikda ijobiy natija bera boshladi. Masalan, “Marhamat-2017” navini olaylik. Uning bargi yil davomida qotib qolmasligi bois bir yilda toʻrt martagacha pilla hosilini olish imkonini beradi. Oqsilga boy va juda serhosil. Har qanday ob-havo sharoitiga chidamli.

Marhamat tumanida sohaga ilmiy yondashuv nafaqat yangi navlarni yaratishga sabab boʻlmoqda, balki yuqori koʻrsatkichlarga erishish uchun ham qulay muhitni shakllantirmoqda. Oddiy misol, avvallari tut koʻchatlarini yetishtirish uchun keng dala maydonlari kerak boʻlgan boʻlsa, ayni paytda buning uchun invitro laboratoriyasining oʻzi kifoya. Laboratoriya sharoitida har 21 kunda 600 ming tup tut koʻchatlari tayyorlanib, mamlakatimizdagi mavjud plantatsiyalarga yetkazilayotgani iqtisodiy samaradorlikni oshirmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?