Peterburg energetika malaka oshirish instituti bilan uch bosqichli yoʻnalishda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda

14:18 17 Mart 2021 Iqtisodiyot
439 0

Yaqinda Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi tasarrufidagi Peterburg energetika malaka oshirish instituti rektori, professor Aleksandr Nazarichyov “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan malaka oshirish ishlari boʻyicha hamkorlik memorandumini imzolash maqsadida Toshkentga kelgan edi.

Bugun “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov va Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi tasarrufidagi Peterburg energetika malaka oshirish instituti rektori, professor A.N.Nazarichyov oʻrtasida Magistral elektr tarmoqlari filiallari muhandis-texnik xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama etildi. Bu haqda “Oʻzbekiston MET” AJ Axborot xizmati xabar berdi.

Hamkorlik memorandumini imzolashdan oldin oʻtkazilgan muhokamalar uchrashuvida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining oʻrinbosari, bosh boshqarma boshliqlari hamda Jamiyatda tashkil etilgan Ustozlar guruhi murabbiylari — energetik mutaxassislar ishtirok etishdi.

Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov institut rektoriga Toshkentga tashrif buyurgani uchun minnatdorlik bildirib, qariyb bir yil davomida amalga oshirilib kelinayotgan hamkorlik faoliyatiga yuqori baho berdi. Oʻz navbatida Peterburg energetika malaka oshirish instituti rektori A.N.Nazarichyov ham “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati maʼmuriyatiga taklif uchun minnatdorlik bildirib, energetika sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish ikki mamlakatning energetika sohasidagi hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilayotganidan mamnun ekanligini bildirdi.

Ochiq davra suhbati shaklida oʻtgan muhokamalarda shu narsa ayon boʻldiki, bundan buyon “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi tasarrufidagi Peterburg energetika malaka oshirish institutining hamkorligi uch bosqichli yoʻnalishda davom ettiriladi:

Birinchi bosqich — 2020-yildan buyon davom etayotgan onlayn shakldagi malaka oshirish kurslarini davom ettirish. Bunda respublikamizning 14 ta magistral tarmoqlari filiallaridan Toshkent shahriga tashrif buyurgan mutaxassislar maxsus elektron dastur orqali mashgʻulotlarda ishtirok etishadi va peterburglik mutaxassislardan olingan bilimlar Jamiyat tarkibida tuzilgan Ustozlar guruhi tomonidan mustahkamlanib boriladi.

Ikkinchi bosqich — imzolanishi kutilayotgan Hamkorlik kelishuvlariga binoan Peterburg energetika malaka oshirish institutidan 4–5 nafar oʻqituvchi-murabbiylar Toshkentga tashrif buyurib, Magistral tarmoqlari filiallaridan tashrif buyurgan mutaxassislarga bevosita nazariy, lozim boʻlganda podstansiyalarga tashrif buyurgan holda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazishadi. Malaka oshirish kurslari davomida Milliy dispetcherlik markazi mutaxassislari ham faol ishtirok etishi kutilmoqda.

Uchinchi bosqich — Jamiyat tarkibidagi Magistral tarmoqlari filiallarida mehnat faoliyati yuritayotgan muhandis va texnik xodimlar, shuningdek, bosh boshqarma, boshqarma, boʻlim va xizmat mutaxassislaridan iborat tinglovchilar guruhi Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi tasarrufidagi Peterburg energetika malaka oshirish institutiga malaka oshirishga yuboriladi. Taxminan 2 hafta davom etadigan malaka oshirish kurslarida tahsil olib qaytgan mutaxassislar olgan bilim va koʻnikmalarini amaliyotga tatbiq etish orqali oʻz hamkasblarining bilim-mahoratini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shu oʻrinda bir narsani alohida taʼkidlash joizki, Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi tasarrufidagi Peterburg energetika malaka oshirish instituti bilan hamkorlik, aniqrogʻi bir nechta investitsion loyihalarni amalga oshirish boʻyicha masʼul tashkilot — “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida mehnat qilayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish Jahon banki investitsiya loyihalari doirasida moliyalashtirilishi nazarda tutilgan.

Peterburglik mutaxassislar bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik yuqori kuchlanishli podstansiya va elektr tarmoqlarida xizmat qilayotgan mutaxassislarning ish samaradorligini oshirib, magistral elektr tarmoqlari rivojiga oʻz hissasini qoʻshadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?