Penzada baxtsiz hodisaga uchragan oʻzbekistonlik ona va bolaga yordam koʻrsatilmoqda

20:03 18 May 2021 Jamiyat
310 0

2021-yilning 28-fevralida Rossiya Federatsiyasi Penza shahrida andijonlik fuqaro M.B 3 yoshli farzandi S.Nni qarovsiz qolmasligi uchun ishxonasiga birga olib boradi. Shu kuni M.Bning ishxonasida gaz balloni portlashi oqibatida ona-bola turli darajadagi kuyish jarohatini oladi va shifoxonaga yotqiziladi.

Fuqaroning yaqinlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yordam soʻrab murojaat qildi.

Agentlik tomonidan zarur chora-tadbirlar koʻrilishi natijasida,

— ish beruvchidan 150 ming rubl miqdorida kompensatsiya undirib berildi

— oilaviy ahvoli inobatga olinib, Andijon viloyati hokimiyati tomonidan 15 million soʻm moddiy yordam puli ajratildi

— tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida Oʻzbekistonning Rossiyadagi Bosh konsulxonasi bilan birgalikda Penza viloyati gubernatori bilan muzokaralar olib borilib, 17-mart kuni maxsus vertolyot yordamida Nijniy Novgorod shahridagi kuyish markaziga koʻchirildi

— fuqaroga yetkazilgan zararni sugʻurta kompaniyasi va ish beruvchidan undirish maqsadida «Pravovoy sovetnik» MCHJdan advokat yollanib, huquqiy choralar koʻrilmoqda

Agentlik matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, M.Bning farzandi salomatligi barqarorlashgani sababli bugun, 18-may kuni Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda yaqin qarindoshi hamrohligida Vatanga qaytarildi.

Ayni paytda M.B homiylar koʻmagida Nijniy Novgorod shahridagi maxsus shifoxonada davolanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?