Pensiya tayinlashda qogʻozbozlikdan voz kechiladi va raqamlashtirishga oʻtiladi

12:19 06 May 2021 Jamiyat
243 0

Pensiya tayinlashda sodda va qulay tizimga oʻtish, fuqarolarni ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos etadi, aniqlik va haqqoniy maʼlumotlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu haqda gap ketganda bugungi kunda davlat pensiyalarini tayinlashda 30 turdagi hujjat talab etilishi hamda ularni taqdim etishga masʼul 14 dan ortiq vazirlik va tashkilotlarda idoraviy axborot tizimlari, elektron resurs va maʼlumotlar bazalari mavjud emasligi qogʻozbozlikni avj olishiga sabab boʻlayotganini aytib oʻtish oʻrinlidir.

Joriy yil 4-mayda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda davlat pensiyalarini hisoblash uchun zarur maʼlumotlar elektron bazasini shakllantirish, ushbu jarayonni soddalashtirish, fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish, pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yana-da takomillashtirish masalalariga katta eʼtibor qaratilgan.

Xususan, qarorda belgilanganidek, 2022-yil 1-iyuldan boshlab, davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo boʻlgan chogʻida ishlamaydigan fuqarolarga oʻzlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Bandlikka koʻmaklashish markazlariga murojaat qilish orqali “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritish xizmati joriy etiladi.

Albatta, bu qaror asosida fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etilishi nafaqat ish jarayonini soddalashtiradi balki tizimda korrupsiyani oldini olishga ham xizmat qiladi. Eng muhimi esa davlat byudjetidan maqsadli foydalanishda tartib-intizom tamoyili vujudga keladi.

Hazratqul Xoʻjamqulov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?