Pensiya tayinlashda qator imtiyoz va qulayliklar berilmoqda

15:08 04 May 2021 Jamiyat
464 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2021-yil 4-may kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida deputatlar fuqarolarga davlat pensiya taʼminoti tizimida bir qator yengilliklar va shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy adolatni mustahkamlash, shaxslarga pensiya tayinlash va toʻlash uchun murojaat qilishda qulayliklar, imtiyozlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan — “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda muhokama qildilar.

Qonun loyihasi bilan pensiya va nafaqalarni tayinlashda bir qator imtiyozlar belgilanmoqda. Xususan, 2021-yil 1-iyundan boshlab, pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr — 2005-yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida, hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi. Bu bilan koʻplab fuqarolar pensiya tayinlashda yuzaga keladigan muammolardan, qiyinchiliklardan, byurokratik toʻsiqlardan xolos boʻladilar.

Qayd etilganidek, yana bir muhim yangilik — ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush oʻrtogʻi kelgusida pensiya taʼminotiga ega boʻlishlari uchun oʻz daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ular uchun ham ijtimoiy soliq toʻlab borish huquqi berilmoqda. Bu oʻz navbatida, oilada bola parvarishi va boshqa yumushlar bilan band boʻlganligi yoki turmush oʻrtogʻining xohishiga asosan ishlamagan fuqaro uchun kelajakda pensiya olish imkoniyati beriladi.

Loyiha bilan pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga koʻra, doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha tayinlanishi va toʻlanishi belgilanmoqda. Bu bilan fuqarolarga doimiy yoki vaqtincha roʻyxatga olingan turar joyi boʻyicha pensiya (nafaqa) tayinlash va toʻlash uchun murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Yaʼni, fuqaro viloyatda doimiy yashayotgan (propiska), biroq Toshkent shahrida vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, pensiya tayinlash yoki toʻlash uchun viloyatga borish bilan bogʻliq muammolar bartaraf etiladi.

Shuningdek, uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular boʻyicha aniqlangan ortiqcha toʻlovni undirish bekor qilinmoqda.

Xalq vakillarining taʼkidlashicha, mazkur hujjatning qabul qilinishi mamlakatimizda pensionerlarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yana-da kuchaytirish, keksa yoshdagi fuqarolarga har tomonlama gʻamxoʻrlik qilish, fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?