Pekinda XXIV qishki Olimpiya oʻyinlari ochildi — Fotoreportaj

21:48 04 Fevral 2022 Dunyo
1023 0

4-fevral kuni Pekinda XXIV qishki Olimpiya oʻyinlari ochildi. Bu bilan Xitoy poytaxti tarixda yozgi va qishki Olimpiya oʻyinlariga mezbonlik qilgan ilk shaharga aylandi. Va u buni rekord darajada — 14 yillik qisqa farq bilan amalga oshirmoqda. Yirik sport anjumani boshlanishiga bagʻishlangan tantanalarda yigirmaga yaqin davlat, jumladan, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Rossiya, Misr, Polsha, Serbiya, Argentina rahbarlari, Kambodja qiroli, Saudiya Arabistoni va Abu-Dabi valiahd shahzodalari, Lyuksemburg Buyuk gersogi, Monako shahzodasi ishtirok etdi.

Pandemiya sababli qishki Olimpiya oʻyinlarining barcha tadbirlari olimpiyachilar va mahalliy aholi oʻrtasidagi aloqani istisno qiladigan joyda oʻtkaziladi. Mazkur hududda aeroport, sport inshootlari, matbuot markazlari va Olimpiya qishloqlari joylashgan.

Karantin choralariga qatʼiy rioya etgan holda 4 — 20-fevral kunlari oʻtadigan bu galgi musobaqada sportning 15 ta yoʻnalishi boʻyicha 109 ta medallar toʻplami oʻynaladi. Bu medallar uchun Oʻzbekiston va 90 ta mamlakatdan jami 4 mingdan ziyod sportchilar bellashadi.

Sport — tinchlik, hamjihatlik elchisi. U odamlarni jipslashtiradi. Olimpiya oʻyinlarining asoschisi Per de Kuberten ham shaxsning har tomonlama kamol topishi uchun intilishiga asoslangan antik Olimpiya oʻyinlari erkinlik, tinch musobaqa va jismoniy kamolot ruhining qayta tiklanishiga koʻmak beradi, deb orzu qilgan edi. U sportni yoshlarni baynalmilal ruhda tarbiyalashning aniq imkoniyatlaridan biri, deb bilardi.

Sport har doim sayyoramizdagi har bir madaniyatning muhim va ajralmas qismi boʻlib kelgan. Yer yuzidagi xalqlarning oʻziga xos sport turlari mavjud boʻlib, bu aholiga jismoniy tayyorgarligini saqlashga va vaqtni maroqli oʻtkazishga xizmat qilgan.

Shu oʻrinda tarixga nazar tashlasak, qishki Olimpiya oʻyinlari — qishki sport turlari boʻyicha oʻtkazilib, yozgi Olimpiya oʻyinlari kabi Xalqaro olimpiya qoʻmitasi shafeligida tashkil etiladi. Dastlab, qishki va yozgi Olimpiya oʻyinlari bir yilda oʻtkazilib kelingan. 1994-yildan boshlab esa yozgi Olimpiya oʻyinlari oʻtkazilgach, oradan ikki yil oʻtib qishki Olimpiya oʻyinlari tashkil etiladigan boʻldi. Bugungi kunga kelib, qishki Olimpiya oʻyinlarining dasturi sezilarli ravishda kengayish bilan birga, ishtirokchilar soni ham keskin darajada oshgan.

Aslida, qishki Olimpiya oʻyinlarini oʻtkazish fikri birmuncha avval, yaʼni zamonaviy Olimpiya oʻyinlarini tashkil etish gʻoyasi paydo boʻlgan davrdan boshlangan. 1894-yilda Xalqaro olimpiya qoʻmitasiga asos solingach, yozgi Olimpiya oʻyinlari dasturiga konkida uchish boʻyicha musobaqalarni ham kiritish tavsiya etilgan. Lekin dastlabki uchta Olimpiadada muz ustida oʻtkaziladigan birorta sport turi kiritilmagan. 1908-yilga kelibgina, Londonda boʻlib oʻtgan Olimpiadada figurali uchish boʻyicha 4 ta dasturda musobaqalar oʻtkazilgan.

“Oq olimpiada” nomini olgan musobaqa rasman 1924-yilda Fransiyaning Shamoni shahrida boʻlib oʻtgan. Oʻshanda yanvar-fevral oylarida boʻlib oʻtgan musobaqada 16 mamlakatdan 293 nafar sportchi ishtirok etgandi. 1926-yili Lissabonda boʻlib oʻtgan yigʻilishda II qishki Olimpiya oʻyinlari Sent-Moritseda oʻtkazilishiga kelishildi. Ikki yil muqaddam “qishki sport haftaligi” nomi ostida oʻtkazilgan Shamoni Olimpiadasi esa I qishki Olimpiya oʻyinlari sifatida tan olindi.

Shu tariqa baron Per de Kubertenning yana bir oqilona missiyasi yakunlandi. U oʻsha paytda insoniyatga yana bir ulkan bayramni tortiq etganini balki his qilmagandir ham...

Oʻzbekiston mustaqillikni qoʻlga kiritgach, ilk bor 1994-yili Norvegiyaning Lillehammer shahrida boʻlib oʻtgan Olimpiadada mustaqil davlat sifatida ishtirok etdi. Bu Oʻzbekiston sporti tarixidagi ilk Olimpiada edi. Sababi bungacha mamlakat yozgi Olimpiya oʻyinlarida ham mustaqil davlat sifatida ishtirok etmagandi. Lillehammerdagi Olimpiadaning mamlakatimiz sporti tarixida yana bir alohida ahamiyat kasb etishi bu — fristayl ustasi Lina Cheryazovaning ishtiroki boʻlgandi. Mohir sportchi hamyurtimiz Oʻzbekiston sporti tarixida bunday nufuzli musobaqadagi ilk oltin medalni aynan Norvegiyada qoʻlga kiritgandi. Afsuski, hozirgacha bu qishki Olimpiya oʻyinlari tarixida qoʻlga kiritgan yagona medal sanaladi.

Abduvali Saybnazarov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?