Past Dargʻomda ehtiyojmand oilalar uchun 44 ta uy qurilmoqda.

10:15 03 Sentyabr 2020 Jamiyat
229 0

Bugun Past Dargʻom tumanining Goʻzalkent massivida tuman hokimligi tashabbusi bilan chin yetim, ijtimoiy ahvoli ogʻir hamda boquvchisini yoʻqotgan boshpanasiz oilalar uchun 44 ta 2 sotixdan iborat uch xonali uylar bunyod etilmoqda.

Eʼtiborlisi hech qanday toʻlovlarsiz, bepul berilayotgan ushbu uylar byudjet mablagʻlarisiz, hashar yoʻli bilan bunyod etilyapti. Paxsa devordan barpo etilayotgan bu uylarning mustahkamligini taʼminlash maqsadida, qurilish jarayonida 528 tonna sement, 12 ming metr armatura ishlatiladi. Tom qismini yopish uchun 5 ming 60 metr kub profnastil zarur boʻladi. Shuningdek, qurilish uchun zarur boʻlgan yogʻoch materiallar oʻquvchilar taʼlim olishi uchun yaroqsiz holatga kelib qolganligi sabab boʻsh turgan, mutaxassislar xulosasiga koʻra buzilgan tumandagi 21 ta maktab binosidan chiqqan qurilish uchun yaroqli yogʻoch materiallaridan foydalaniladi. Qolaversa, har bir uyni isitish tizimi, ichimlik suvi oʻrnatilgan, toʻliq jihozlangan holatda oʻz egalariga topshirish rejalashtirilgan.

Moʻjazgina 44 ta xonadon oʻz egalariga topshirilgach, Pastdargʻom tumanidagi ijtimoiy ahvoli ogʻirligi sabab farzandlarini mehribonlik uylariga topshirgan, sharoiti ogʻir boshpanasiz 44 ta oila uyli boʻladi. Agar raqamlarda qaralsa, 10 nafar chin yetim, ijtimoiy ahvoli ogʻirligi sabab farzandlarini mehribonlik uylariga topshirgan 20 nafar ayol va ularning 43 nafar farzandi hamda 14 nafar boquvchisini yoʻqotgan ayol va ularning 21 nafar farzandi uyli boʻladi. Jondan aziz farzandlarini oʻz bagʻriga qaytarib oladi. Qisqasi bugun yashash uchun boshpanasi yoʻqligidan iztiroblar olamida yashayotgan yolgʻiz onalaru, mehribonlik uyida mehribonlarini kutayotgan bolalar, jami 100 nafardan ziyod fuqaroning boshpanasizlikdan chekayotgan iztiroblari barham topadi.

Mazkur uylarni oktyabr oyida oʻz egalariga topshirish rejalashtirilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?