Parlamentlararo Ittifoqning onlayn konferensiyasi boʻlib oʻtdi

17:54 29 Iyun 2021 Siyosat
633 0

2021-yil 29-iyun kuni “Markaziy Osiyo mintaqasida COVID-19 pandemiyasidan keyin tiklanishdagi barqaror yondashuvlarda parlamentariylarning roli” mavzusida onlayn konferensiya boʻlib oʻtdi.

Parlamentlararo Ittifoq va BMTning Atrof-muhit dasturi tomonidan tashkil etilgan onlayn konferensiyada Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston parlamentlari senatorlari, deputatlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Parlamentlararo Ittifoq vitse-prezidenti Akmal Saidov kirish nutqi bilan ochib berdi.

A. Saidov, avvalambor, barchaga maʼlum sabablarga koʻra, ushbu anjuman onlayn oʻtkazilayotganini qayd etdi. Binobarin, 2019-yil dekabr oyidan buyon butun dunyoda odamlar, tovarlar, global moliyaviy harakatlar cheklanmoqda. Baʼzi mamlakatlarda vaksinatsiyalash amalga oshirilgan boʻlsada, vaziyat qachon odatiy holatga kelishi mumkinligini hech kim ayta olmaydi.

COVID-19 butun dunyoni tahlikaga solib turgan boʻlishiga qaramay, uning tabiat bilan uygʻunlashib ketishiga, yaqin istiqbolda kelajak avlod bahramand boʻladigan barqaror yashash normalarini shakllantirishga erishishimiz lozim. Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi tufayli dunyoda biron-bir davlat jahon iqtisodiyotidan ajralgan holda rivojlana olmasligini yana bir bor his qildik. Xususan, mazkur vebinar Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni chuqur tahlil qilish maydoni sifatida xizmat qilishi muqarrar.

Shuningdek, vebinarda qayd etilganidek, bugungi kunga qadar Oʻzbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi oʻn bitta xalqaro konvensiya, bitim va ular doirasidagi yettita koʻp tomonlama xalqaro shartnomaga qoʻshilgan. Jumladan, Parij bitimini ratifikatsiya qilgan tomon sifatida 2030-yilga kelib issiqxona gazlari solishtirma tashlanmalarini 2010-yildagi darajaga nisbatan 10 foiz qisqartirish boʻyicha majburiyat olgan.

Shundan kelib chiqib, Davlat dasturining tegishli bandiga muvofiq, Oʻzbekistonning Parij bitimiga qoʻshilishi munosabati bilan “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish boʻyicha davlat strategiyasi ishlab chiqildi. Mamlakatimizda bu yoʻnalishda ekologik sof, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, soʻnggi yillarda Orolboʻyi hududida bir nechta loyiha bajarildi. Buning natijasida Orol dengizining qurib qolgan hududida saksovul va choʻlga chidamli bosh­qa oʻsimliklar ekildi. Moʻynoq shahri infratuzilmasi tubdan yaxshilandi.

Doʻstona ruhda oʻtgan onlayn konferensiyada parlamentlararo muloqotlar mintaqadagi mamlakatlarni yuksak taraqqiyot yoʻliga olib chiqish, xalqning iqtisodiy ahvolini yaxshilash va yechimini kutayotgan masalalarni oʻzaro tajriba va fikr almashish orqali hal qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Muloqot yakunida koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil boʻlgan parlamentlararo hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlash, bu borada hamkorlikdagi tadbirlarni tashkil etish, qonun ijodkorligi boʻyicha tajriba almashishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер