Parlamentlararo ittifoq Oʻzbekiston parlament islohotlarini qoʻllab-quvvatlaydi

08:30 09 Sentyabr 2021 Siyosat
168 0

Shu kunlarda Avstriya poytaxtida Parlamentlararo ittifoq tomonidan BMT va Avstriya parlamenti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Ayol spikerlarning 13-sammiti va Parlamentlar rahbarlarining 5-butunjahon konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda.

Ularda Senat Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

6-sentyabr kuni Senat rahbari Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi M.Chungong bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda Oʻzbekistonning ushbu tashkilot bilan hamkorligi, kun tartibidagi eng ustuvor masalalar muhokama qilindi.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlament va siyosiy partiyalarning rolini yanada mustahkamlashga qaratilgan islohotlarga yuqori baho berdi. U xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish boʻyicha respublika davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Maʼlumki, 2022-yilda parlamentlar ayol spikerlarining navbatdagi 14-sammiti Markaziy Osiyo davlatlari tarixida ilk bor mamlakatimizda oʻtkaziladi. Mazkur tadbir tashkil etilishini gender muvozanatni taʼminlash sohasidagi Oʻzbekiston yutuqlari eʼtirofi sifatida baholash mumkinligi alohida taʼkidlandi. Uchrashuvda boʻlajak sammitni tashkiliy va mazmun jihatidan yuqori darajada oʻtkazish boʻyicha Oliy Majlis Senati va Parlamentlararo ittifoq kotibiyati oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

M.Chungongning fikricha, joriy yilning iyun oyida Buxoroda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda Parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumining muvaffaqiyatli oʻtkazilishi, uning yakunlari boʻyicha qabul qilingan Buxoro deklaratsiyasi bu jarayonlarga qonun chiqaruvchi organlarning bevosita jalb etilishida barqaror rivojlanish kun tartibini yanada keng qamrovli, ochiq va oshkora amalga oshirishga xizmat qiladi.

Parlamentlararo ittifoq rahbari Oʻzbekiston Oliy Majlisiga parlamentning mamlakat ijtimoiy hayotidagi rolini yanada mustahkamlash boʻyicha islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda, eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy vazifalarni hal etishda tashkilot zarur yordam koʻrsatishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?