Parlamentlararo hamkorlik aloqalari yanada rivojlanadi

17:03 01 Dekabr 2022 Jamiyat
347 0

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutida “Mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishda Shimoliy Yevropa mamlakatlari tajribasi” mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Finlyandiya parlamenti (Eduskunta) bilan hamkorlik parlamentlararo guruhi aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Finlyandiya Eduskunti (parlamenti) deputatlari, “Finlyandiya — Markaziy Osiyo” parlamentlararo hamkorlik guruhi aʼzolari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston va Finlyandiya parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda Mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash va suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish masalalaridan iborat boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi, Finlyandiya parlamenti (Eduskunta) bilan hamkorlik parlamentlararo guruhi rahbari Dilorom Fayziyeva Oʻzbekiston va Finlandiya parlamentlarining Mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishdagi roli xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, bu sohada yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtiborni qaratdi.

Jumladan, Prezidentimizning 2020-yil 10-iyuldagi Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi amalga oshirilishida soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan oʻzaro hamkorlikda qabul qilinayotgan kelishuvlar va uning ahamiyati haqida soʻz yuritdi.

Oʻz navbatida, Finlyandiya parlamenti delegatsiyasi aʼzolariga boshchiliq qilayotgan “Finlyandiya — Markaziy Osiyo parlamentlararo doʻstlik guruhi” rahbari K. Kilyunen yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va milliy parlamentimiz hamda uning huzuridagi Institut faoliyatini yuqori baholab, Finlandiya parlamenti faoliyatida mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishdagi roli xaqida atroflicha soʻz yuritib, bu borada Oliy Majlis palatalari bilan oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirilishiga ishonch bildirdi.

Davra suhbatida kirish soʻzi bilan ishtirok etgan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov soʻnggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, mamlakatimiz parlamentining qonunchilik faoliyati va uning huzuridagi Institut faoliyati xususida batafsil maʼlumotlar berib, Institut axborot-tahliliy maʼlumotlar berib borish bilan ushbu yoʻnalishlar boʻyicha milliy parlamentimizga Finlyandiya parlamenti bilan oʻzaro samarali hamkorlik olib borilishida ishtirok etishini bildirdi.

Tadbir davomida Finlyandiya Suv Forumi loyihasi rahbari Arvo Nermanning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalarida oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha Finlandiyada sinovdan oʻtgan va amaliy ahamiyatga ega boʻlgan bir necha loyihalar haqida maʼruzasi tinglandi va keltirib oʻtilgan aniq maʼlumotlar va tajribalarga asosan takliflar bildirildi.

Uchrashuv davomida davra suhbati ishtirokchilarining Oʻzbekiston va Finlyandiyaning mazkur masaladagi amaliyoti boʻyicha fikr va mulohazalari tinglandi.

Koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbirda muhokama etilgan masalalar yuzasidan parlamentlararo hamkorlik doirasida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.

Botirbek Sobirov,

Oliy Majlis huzuridagi

Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti boʻlim boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?