“Parlament faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash – davr talabi”

20:46 29 Dekabr 2022 Siyosat
505 0

Joriy yilning 29-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etilganligining besh yilligi munosabati bilan “Parlament faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash – davr talabi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlari, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud sudʼyalari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman), Jamoat xavfsizligi universiteti, Davlat va huquq instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Bosh prokuraturasi Akademiyasi professor-oʻqituvchilari, Taraqqiyot strategiyasi markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Davra suhbatida taʼkidlanganidek, Institut Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tashabbusiga binoan Oliy Majlis palatalarining 2017-yil 29-dekabrdagi Qoʻshma qarori asosida tashkil etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A.Saidov oʻz kirish soʻzida Qonunchilik muammolari institutining tashkil etilishi Yangi Oʻzbekistonda milliy parlamentimiz faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash borasida katta qadamlardan biri boʻlganligi, soʻnggi besh yilda qabul qilingan qonunlarning sifat jihatidan mukammal boʻlishida Institutning ilmiy tadqiqot muassasasi sifatida parlamentga koʻrsatayotgan ilmiy xizmati beqiyos ekanligini eʼtirof etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmita raisi O.Iminov ham Institut tashkil etilgan dastlabki yillardan boshlab parlamentning eng yaqin koʻmakchisi sifatida keng koʻlamli tadqiqotlarni amalga oshirganligi, parlament palatalarining faoliyatini yanada takomillashtirish, ish uslubini zamonaviylashtirish borasida Institut tomonidan ishlab chiqilgan takliflar muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi.

Shundan soʻng Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori F.Otaxonov Muhtaram Prezidentimizning 2022-yil 20-dekabr kuni xalqimiz va Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida parlament palatalari tomonidan amalga oshirilishi tavsiya etilgan vazifalarning mazmun-mohiyati haqida fikrlar bildirib, Institutning 2018-2022-yillardagi faoliyat yakunlari yuzasidan batafsil maʼlumotlar berib oʻtdi. Xususan, oʻtgan yillar mobaynida Institut tomonidan parlament palatalariga 589 ta axborot-tahliliy maʼlumotnoma, amaldagi qonunlar va qonun loyihalari yuzasidan 217 ta ilmiy xulosa, parlament faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan 139 ta taklif tayyorlanib, taqdim etildi. Institut parlament palatalari devonlari Yuridik boshqarmalariga koʻmaklashgan holda parlament palatalarining 31 ta qarorlari (shundan 11 tasi qoʻshma qaror, 12 tasi Qonunchilik palatasi Kengashining va 8 tasi Senat Kengashining qarori)ni tayyorlashda yaqindan koʻmaklashdi. Institut tomonidan parlament faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash, qonunchilikdagi turli muammolarni muhokama qilishga qaratilgan 258 ta davra suhbatlari, ilmiy seminar va konferensiyalar tashkil etildi.

Davra suhbatida taʼkidlanganidek, bugungi kunda Institut 12 ta nufuzli xalqaro tashkilot bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Oʻtgan yillar davomida xalqaro hamkorlar bilan birgalikda 57 ta ilmiy-amaliy konferensiya va davra suhbatlari oʻtkazilib, Institut xodimlari Janubiy Koreya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, AQSH, Turkiya, Germaniya kabi davlatlarda xizmat safarlarida boʻlib, ularning qonunchilik tajribalari bilan yaqindan tanishishdi.

Maʼlumki, Institut Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Mening fikrim” elektron jamoaviy murojaatlar portalining moderatori hisoblanadi. 2018-2022-yillar davomida fuqarolardan kelib tushgan jami 6 mingga yaqin murojaatlar Institut tomonidan dastlabki ekspertizadan oʻtkazilib, ularning 354 tasi veb-portalga joylashtirildi hamda 5 mingdan ziyod murojaatlar tashabbuskorlarning “Mening fikrim” veb-portalidagi shaxsiy kabinetiga elektron jamoaviy murojaatni joylashtirishni rad etish haqidagi xabarlar yetkazildi.

Institut tuzilmasida tashkil etilgan BMT oʻquv markazi tomonidan 2021-2022-yillar mobaynida 4 mingga yaqin xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, shuningdek Oliy Majlis palatalari huzuridagi Yoshlar parlamentlari aʼzolariga maxsus dars mashgʻulotlari oʻtildi.

2021-2022-yillarda Institut muassisligidagi “Qonunchilik muammolari axborotnomasi” jurnalining 8 ta soni oʻzbek, rus va ingliz tillarida nashr etildi.

Shuningdek, Institut tomonidan oʻtgan yillar mobaynida parlament aʼzolarining faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash maqsadida 14 ta ilmiy-amaliy qoʻllanmalar chop etildi va keng jamoatchilikka tarqatildi.

Taʼkidlash joizki, Institut xodimlari 578 marotaba siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va tahliliy telekoʻrsatuvlarda, 356 marotaba radioeshittirishlarda qatnashishdi, markaziy bosma nashrlarda ilmiy xodimlarning 300 dan ziyod tahliliy maqolalari eʼlon qilindi.

Davra suhbatida soʻz olgan parlament aʼzolari tomonidan Institutning oʻtgan yillardagi keng koʻlamli faoliyati qoniqarli ekanligi, biroq Institut jamoasi Prezidentimizning 2022-yil 20-dekabr kuni xalqimiz va Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida parlament faoliyatini takomillashtirish boʻyicha bildirgan fikrlarini hayotgan tatbiq etish borasida parlamentga yanada sifatli xizmat koʻrsatishi, uning eng yaqin koʻmakchisiga aylanishi zarurligi taʼkidlandi.

Akbarshoh TESHABOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti boʻlim boshligʻi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?