Parlament faoliyati: 2020-yil yakunlari boʻyicha eng muhim natijalar

11:00 11 Yanvar 2021 Siyosat
2004 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan bu yilgi Murojaatnomasini xalqimiz katta qiziqish bilan kutib oldi. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohasini qamrab olgan mazkur dasturiy hujjatda hozirgi murakkab sharoitda xalqimiz farovonligini yana-da oshirish, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan muhim takliflar va tashabbuslar ilgari surildi. Hozirgi kunda Murojaatnomada belgilangan vazifalardan kelib chiqib, vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari oʻtgan yildagi faoliyatini sarhisob qilib, istiqboldagi rejalarini tuzmoqda. Albatta, bu jarayonda mamlakatimizdagi qonun chiqaruvchi organ — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, deputatlar korpusi chetda turgani yoʻq.

Muxbirimizning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon ISMOILOV bilan suhbati quyi palataning oʻtgan yildagi faoliyati, amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar xususida boʻldi.

— Nurdinjon Moʻydinxonovich, parlament katta siyosiy voqelik — mamlakatimiz rahbarining bu yilgi Oliy Majlisga Murojaatnomasini qanday qabul qildi?

— Mamlakatimiz parlamenti Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning har bir Murojaatnomasini yuksak eʼtibor va ulkan masʼuliyat bilan qabul qilib, uni amalga oshirishning barcha bosqichida samarali ishtirok etish uchun bor imkoniyati va salohiyatini ishga solmoqda. Navbatdagi Murojaatnomani ham yuksak koʻtarinkilik bilan tingladik.

Alohida qayd etish joizki, bugun Oʻzbekistonning siyosiy tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini toʻlaqonli tushunish uchun davlatimiz rahbari tomonidan joriy etilgan ushbu muhim yangi tashkiliy-dasturiy institutning oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.

Hozirgi vaqtda Murojaatnoma jamiyatimizdagi barcha dolzarb masala va muammolarni qamrab olgan, shu bilan birga, mamlakatni rivojlantirishga, jamiyatda barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladigan keng koʻlamli vazifalarni koʻzda tutuvchi yaxlit dasturiy hujjatga aylandi.

Biz aynan Prezidentimiz Murojaatnomalari orqali jamiyatimizni jipslashtirishga, jamoatchilikning, fuqarolarning xohish-istaklarini hisobga olishga erishish yoʻlidagi muhim qadamlarni tashlashga muvaffaq boʻldik.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, bugungi kunga qadar Prezidentimiz tomonidan yoʻllangan har bir Murojaatnomaning har bir qoidasi, ushbu dasturilamal hujjat boʻyicha ishlab chiqilgan davlat dasturlarining har bir tegishli bandi parlamentimiz tomonidan toʻliq bajarib kelinmoqda.

Ayni vaqtda Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar va komissiyalarda Murojaatnomada belgilangan vazifalar atroflicha muhokama qilinmoqda va chuqur oʻrganilmoqda. Uning natijalari quyi palataning 2021-yildagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilashda eʼtiborga olinadi.

Mana, kuni kecha Qonunchilik palatasi Kengashi yigʻilishida ushbu dasturilamal hujjatda ilgari surilgan takliflar va tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha oʻz oldimizga aniq vazifalarni qoʻydik. Bularning barchasini amalga oshirishda parlament xalqimiz ishonchini oqlaydi.

— Qonunchilik palatasining oʻtgan yildagi faoliyatida ­asosiy koʻrsatkichlar nimalardan iborat boʻldi?

— Oʻtgan yili Qonunchilik palatasi yangi tarkib bilan, yangicha formatda ish boshladi. Xabaringiz bor, 2019-yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan saylovlar natijasida Qonunchilik palatasiga 150 nafar deputat saylandi. Shundan 48 nafarini yoki 32 foizini xotin-qizlar, 9 nafarini yoki 6 foizini yoshlar, 39 nafarini yoki 26 foizini oldin ham quyi palata deputati boʻlganlar tashkil etdi.

Saylov yakunlariga koʻra, quyi palatada OʻzLiDeP — 53 ta, “Milliy tiklanish” DP — 36 ta, “Adolat” SDP — 24 ta, OʻzXDP — 22 ta, Ekologik partiya — 15 ta deputatlik oʻrnini egalladi.

Hozir Qonunchilik palatasida 5 ta siyosiy partiya fraksiyasi, 12 ta qoʻmita hamda 5 ta komissiya faoliyat koʻrsatmoqda.

Yakunlangan bir yillik faoliyatimizga nazar tashlasak, bir haqiqat yaqqol namoyon boʻladi. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 20-yanvardagi Qonunchilik palatasi birinchi yigʻilishida, 21-yanvardagi parlament palatalarining qoʻshma majlisidagi nutqlarida, shuningdek, 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifa va yoʻnalishlar parlament faoliyatiga zamonaviy yondashuv hamda mutlaqo yangicha maʼno-mazmun olib kirdi, deb bemalol ayta olamiz. Deputatlar ham qonun ijodkorligi jarayoniga kirishib, muhim qonun loyihalarini muhokama etish, qabul qilishda faollik koʻrsatdilar.

Oʻz navbatida, qonun ijodkorligi sohasidagi ishlarni butunlay yangicha tashkil etishga harakat qildik. Jumladan, qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi faolligi va masʼuliyati oshirildi. Endilikda qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilinayotganda, qoida tariqasida, qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti yoki uning vakili maʼruza bilan chiqishi belgilandi. Natijada qonun loyihasining birinchi oʻqish jarayonidagi muhokamasi tom maʼnoda jonlandi.

Qonun loyihalarining xalqaro shartnomalarga, Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha tavsiyalarga mosligini oʻrganish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan, yaʼni ijro etilishi uchun qonunosti hujjati ishlab chiqilishini talab etmaydigan qonunlarni qabul qilishga eʼtibor kuchaytirildi.

Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yilda 149 ta qonun loyihasi koʻrib chiqilib, shundan 62 tasi alohida qonun sifatida, 49 tasi esa 10 ta qonunga birlashtirilib, jamlama qonunlar tariqasida qabul qilindi. Taqqoslash uchun aytsak, 2015-yilda bor-yoʻgʻi 60 ta qonun loyihasi koʻrib chiqilib, 15 ta alohida qonun va 32 tasi esa 4 ta qonunga birlashtirilib, jamlama qonunlar tarkibida qabul qilingan xolos.

Quyi palatada koʻpgina qonun loyihalari boʻyicha konstruktiv bahs-munozara va tortishuvlar boʻlib oʻtmoqda. Saylovchilar, shu jumladan, partiya elektorati manfaatlari ham eʼtiborga olinmoqda. Deputatlarning qonunlar sifatiga, uning konsepsiyasiga talabi oshmoqda. Birgina 2020-yilda 8 ta qonun loyihasi rad etildi va tashabbuskor idoraga qaytarildi. Holbuki, 2016-yilda bor-yoʻgʻi bitta qonun loyihasi qaytarilgan. 12 ta qonun loyihasi deputatlar tashabbusi bilan kiritildi. Ayni paytda deputatlar tomonidan Yer kodeksi, Ekologik kodeks loyihalari ishlab chiqildi.

— Pandemiya sharoitida Qonunchilik palatasida ish qanday tashkil etildi?

— Taʼkidlash kerakki, koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan murakkab davrda ham Qonunchilik palatasi oʻz ishini izchil davom ettirdi. Pandemiya sababli joriy qilingan karantinning ilk kunlaridanoq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Reglamentiga zarur oʻzgartishlar kiritilib, pandemiya sharoitida palata ishini vaqtinchalik tashkil qilishning huquqiy asoslari yaratildi.

Shunga koʻra, quyi palatadagi barcha majlis, uchrashuv va tadbirlarni videokonferensiya shaklida oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Deputatlar oʻz saylovchilari bilan masofaviy ishlashga oʻtdi. Saylov okruglaridagi ishlar onlayn aloqa vositalari orqali tashkil etildi.

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha ilgari surilgan choralarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlashga qaratilgan qonunlarni qabul qilishga palata faoliyatining ustuvor yoʻnalishi va vazifasi sifatida qaraldi.

Shu bois ham karantinning dastlabki kunlaridanoq parlament tomonidan mamlakatimiz uchun oʻta muhim boʻlgan qonunlar qabul qilindi, deputatlar tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga hamda parlament nazorati amalga oshirilishini taʼminlashga qaratilgan muhim tashkiliy-huquqiy choralar koʻrildi.

Ahamiyatlisi, deputatlar korpusi salomatligimiz posbonlari — shifokorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga jiddiy eʼtibor qaratdi. Biz, deputatlar Prezidentimiz tomonidan tavsiya etilgan “III va IV darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida»gi, “Sogʻlom avlod uchun” medalini taʼsis etish toʻgʻrisida»gi qonunlarni qabul qildik. Bu muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki mazkur ordenlar va medalning taʼsis etilishi mamlakatimizda xalqimizning salomatligini saqlash, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, sogʻlom avlodni voyaga yetkazishda fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishda muhim oʻrin tutadi. Bu, oʻz navbatida, kechani kecha, kunduzni kunduz demay, oʻz sogʻligʻi va hayotini xavfga qoʻyib boʻlsa-da, odamlar salomatligi uchun kurashayotgan fidoyi kasb egalarini har tomonlama ragʻbatlantirishga imkon yaratadi.

— Quyi palataning Hukumat, mahalliy Kengashlar, qonun tashabbuskorlari bilan hamkorligi haqida nimalar deya olasiz?

— Qayd etish joiz, keyingi yillarda parlament va ijro hokimiyatining hamkorligi kuchaytirildi. Masalan, Prezidentimiz tashabbusi asosida Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalaridagi doimiy vakili lavozimi taʼsis etildi va uning huquqiy maqomi belgilandi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining joylardagi dolzarb muammolarni hal etishdagi roli oshirildi. Mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish tizimi yangicha, xalqchil koʻrinishda yoʻlga qoʻyildi.

Hukumatning parlament palatalaridagi doimiy vakili — yangi institut boʻlib, u parlament va ijro hokimiyati organining qonun ijodkorligi sohasidagi, shuningdek, ijro organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini tashkil etishda oʻzaro hamkorligi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Ayni paytda vakillik instituti nafaqat quyi palataga kelib tushayotgan qonun loyihalarining sifatini, shu bilan birga, parlament nazoratining samarali amalga oshirilishini taʼminlashda Hukumat va Oliy Majlis oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtamoqda.

Aytish kerakki, oʻtgan yili pandemiya sharoitida bu boradagi hamkorlik aloqalari yana-da mustahkamlandi. Hukumatning aholini qoʻllab-quvvatlashga oid tashabbuslariga har tomonlama koʻmak koʻrsatildi.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi va uning qoʻmitalari tomonidan mahalliy Kengashlar bilan yaqin hamkorlik tizimli asosda oʻrnatilmoqda. Respublika miqyosidagi va hududiy taraqqiyotimizning muhim masalalari, muayyan hududda fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan muammolar birgalikda muhokama etib kelinyapti.

Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari bilan ham faol hamkorlikda ish olib borilmoqda. Yuqorida qayd etganimizdek, qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilinayotganda, qoida tariqasida, qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti yoki uning vakili maʼruza bilan chiqayotgani ham muhim yangilik boʻldi. Bu qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi faolligi va masʼuliyatini oshirmoqda.

Toʻgʻri, baʼzan qonun loyihalari matnini butkul oʻzgartirishga, asosiy vazifani zimmamizga olishga toʻgʻri kelyapti, baʼzida esa qonun loyihasi tashabbuskoriga qaytarilyapti, ammo birgalikdagi hamkorligimiz bir maqsadga — qonunlarning sifatli va hayotbaxshligini taʼminlashga xizmat qiladi.

— Keyingi yillarda mamlakat Prezidenti tashabbusi bilan parlamentga yangi vakolatlar berildi. Parlamentning bu vakolatlardan foydalanish natijadorligi qanday boʻldi?

— Ochigʻini aytganda, bu vakolatlar ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatishda, davlat va jamiyatni rivojlantirishning strategik yoʻllarini belgilashda parlamentning ishtirokini sezilarli darajada oshirmoqda.

Bu haqda batafsil toʻxtaladigan boʻlsak, eng avvalo, Vazirlar Mahkamasining, vazirliklar va idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining parlament oldida hisobdorligining kompleks tizimi joriy qilinganini qayd etish joiz. Jumladan, Hukumatning tegishli yilga moʻljallangan Davlat dasturi bajarilishining borishi yuzasidan har choraklik hisobotini koʻrib chiqish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Hukumat aʼzoligiga nomzodlarni Qonunchilik palatasida koʻrib chiqish va maʼqullash amaliyotidan foydalanilmoqda. Hukumat aʼzolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish — “Hukumat soati” instituti joriy etildi. Qonunchilik palatasi majlislarida nafaqat Hukumat aʼzolarining, balki boshqa xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining ham oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Qolaversa, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Hukumat aʼzolari va tarmoq rahbarlarining hisobotini muntazam eshitib borish tizimi joriy qilindi.

Qayd etish joizki, oʻtgan davrda parlament nazorati faoliyatining natijadorligi oshdi. Misol uchun, 2020-yili davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga 14 ta parlament soʻrovi yuborildi. Holbuki, 2016-yilda bor-yoʻgʻi bitta parlament soʻrovi joʻnatilgan.

Bundan tashqari, hududlardagi dolzarb masalalar, saylovchilar muammolari parlament nazorati shakllaridan samarali foydalangan holda hal etilmoqda. Jumladan, oʻtgan yili Qonunchilik palatasi majlislarida 19 marotaba Hukumat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining axborotlari eshitildi, 9 marotaba “Hukumat soati” oʻtkazildi va 338 ta deputat soʻrovi yuborildi.

Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tomonidan Harakatlar strategiyasi va Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng dolzarb masalalari yuzasidan 163 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi.

— Byudjetnoma — mamlakatning asosiy moliyaviy hujjati. Davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosi nazoratida deputatlarning yondashuvi qanday boʻlmoqda?

— Deputatlarning Davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosi nazoratidagi faoliyati, ochigʻini aytishim kerak, ancha jonlandi. 2019-yilda ilk bor 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti qonun shaklida qabul qilinib, byudjet xarajatlari vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlanadigan boʻldi.

Keyingi yillarda mamlakatimiz bosh moliyaviy hujjatini qonun shaklida qabul qilish, mahalliy byudjetlarni mustaqil ravishda shakllantirish va hududiy vakillik organlari tomonidan tasdiqlash, “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashrini chop etish, “Ochiq byudjet” axborot portalini ishga tushirish, Davlat byudjeti ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni milliy va Xalqaro valyuta jamgʻarmasining davlat moliyaviy statistikasi standartlariga muvofiq eʼlon qilish, shuningdek, mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalaridan foydalanilishi, ayniqsa, tumanlar va shaharlar byudjetlarining qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirish tizimi joriy etildi.

Fraksiyalar va deputatlarning qatʼiy pozitsiyasi tufayli “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida»gi qonun loyihasiga 23 ta prinsipial oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi hamda qonun yangi moddalar bilan toʻldirildi. Shuningdek, fraksiyalarda boʻlib oʻtgan keng muhokamalar natijasida Hukumat tomonidan taklif etilgan 2021-yil uchun Davlat byudjeti loyihasida 700 milliard soʻmga yaqin mablagʻ qayta taqsimlandi.

Shu bilan birga, deputatlarning takliflari asosida davlat dasturlari doirasida ajratilishi lozim boʻlgan mablagʻlarni 2021-yil byudjetida aks ettirishga erishildi.

— Qonunchilik palatasining xalqaro aloqalar va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishdagi faoliyati, qolaversa, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzurida kuzatuvchi davlat maqomini olishdagi hissasi qanday boʻldi?

— Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida parlament Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, ochiq, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi hamkorlikka qaratilgan, Vatanimiz milliy manfaatlarini himoya qilishga hamda ilgari surishga asoslangan tashqi siyosiy yoʻlning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.

Xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar yuzasidan Oʻzbekistonning tashabbuslarini xalqaro tashkilotlarda ilgari surish, parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni jadallashtirish masalalari doimo parlament eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Xususan, Parlamentlararo Ittifoq, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament Assambleyasi bilan amaliy hamkorlik rejalari tasdiqlanib, bugungi kunda bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, oʻtgan yili tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasida Oliy Majlisning xalqaro hamkorlik va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish sohasidagi faoliyatini amalga oshirishning strategik maqsad va vazifalari, ustuvor yoʻnalishlari, prinsiplari hamda mexanizmlari belgilandi.

Bugun Qonunchilik palatasi xalqaro yoʻnalishdagi ishining natijadorligi oshib, xalqaro aloqalar geografiyasi kengaydi.

Agar 2019-yilda Oliy Majlisda xorijiy davlatlar parlamentlari hamda Yevropa Ittifoqi parlamenti bilan jami 28 ta parlamentlararo guruh tuzilgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu parlamentlararo guruhlar soni 48 taga yetdi va “Oʻzbekiston — Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorlik qoʻmitasi huzurida Oliy Majlis delegatsiyasi tashkil etildi.

Alohida qayd etish joiz, oʻtgan yili Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) tarkibida kuzatuvchi davlat maqomini olishi katta siyosiy voqea boʻldi. Bu toʻxtamga oʻz-oʻzidan kelingani yoʻq, albatta.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yilda Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida parlament palatalari oldiga mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, asoslangan xulosalarni taqdim etish vazifasini qoʻygan edi. Biz, albatta, ushbu jiddiy masalaga, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib yondashdik.

Mazkur masala quyi palatadagi barcha qoʻmita, siyosiy partiya fraksiyalarining yigʻilishlarida Hukumat aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar masʼullari ishtirokida muhokama qilindi. Aholi, elektorat, saylovchilar va jamoatchilik oʻrtasida maslahatlashuvlar amalga oshirildi. “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan oʻrganilgan jamoatchilik fikri natijalari ham inobatga olindi.

Xususan, siyosiy partiyalar fraksiyalari YEOII bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish doirasida milliy qonunchilikni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tashkilot hujjatlari bilan uygʻunlashtirish, shuningdek, bojxona, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazoratiga oid infratuzilmalarni yana-da takomillashtirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha qator chora-tadbirlar koʻrish lozimligini hamda boshqa omillarni inobatga olib, Oʻzbekistonning YEOII faoliyatida kuzatuvchi davlat sifatida hamkorlik qilishi maqsadga muvofiq, degan xulosalarni taqdim etishdi.

Ana shunday keng muhokamalar natijalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashida, yalpi majlisida atroflicha koʻrib chiqildi. Har tomonlama olib borilgan oʻrganishlardan soʻng, mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida hamkorlik qilishi toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan maʼqullandi.

Bu masala, shubhasiz, parlamentning doimiy eʼtiborida boʻladi. Ayni paytda kuzatuvchilik maqomida aniq strategiyani belgilab olgan holda “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishimiz maqsadga muvofiq.

— Deputat — xalq vakili. Shunday ekan, u avvalo, xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik koʻrsatishi lozim. Sizningcha, deputatlarning aholi muammolariga eʼtibori qanday boʻlmoqda?

— Ochigʻini aytishim kerak, bugungi deputatlar ancha faol, tashabbuskor. Ular oʻz saylovchilarining dolzarb muammolarini chuqur tahlil qilgan holda yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish, qabul qilishda tashabbuskor boʻlishayotir. Buni joylarda deputatlarning saylov okruglaridagi saylovchilar bilan muloqotlari misolida aytish mumkin.

Agar ilgari deputatlar oʻz saylovchilari bilan yilda 2-3-marta uchrashgan boʻlsa, bugungi kunda bunday uchrashuvlar deputatlarning muntazam ravishda, yaʼni har oyning oxirgi haftasida saylov okruglarida boʻlishi tarzida amalga oshirilmoqda.

Oʻtgan yildagi eng muhim oʻzgarishlardan biri aynan deputatlarning saylov okruglaridagi saylovchilar bilan hamkorligining shakllari va usullari mutlaqo yangicha shaklda oʻzgartirilgani bilan bogʻliq boʻldi.

Chunonchi, joylarda saylovchilarni qiynab kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida hal etish, saylov okrugidagi vaziyatdan muntazam ravishda xabardor boʻlish maqsadida har bir deputat oʻz hududidagi Xalq qabulxonalari bilan doimiy aloqa oʻrnatdi. Ushbu hamkorlik deputatning oʻz okrugida yashayotgan aholi muammolarini yechishda, odamlarning dardu tashvishlarini tinglashida muhim omil boʻlmoqda.

Davlatimiz va jamiyatimiz oldida turgan muhim muammolarni hal etish borasida Oliy Majlis bilan mahalliy Kengashlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlik kuchayib bormoqda.

Oʻtgan davrda saylovchilar deputat oldiga emas, deputat oʻz saylovchilari huzuriga borishi shart, degan tamoyildan kelib chiqib, xalq vakillarining aholi va saylovchilarni oʻylantirayotgan muammolarni tizimli ravishda oʻrganib borishi tashkil etildi.

Parlament aʼzolarining hududlarda dolzarb masalalar boʻyicha oʻrganishlarini tahlil qiladigan boʻlsak, qayd etish joiz, oʻtgan davrda joylarda 14 marotaba ana shunday oʻrganishlar oʻtkazildi. Masalan, joriy yil boshidan beri deputatlar tomonidan hududlarda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish, taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, odil sudlovni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish, “temir daftar”ga kiritilgan aholini qoʻllab-quvvatlash, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” asosida ishsiz yoshlar hamda xotin-qizlar bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati atroflicha oʻrganildi. “Temir daftar”ni yuritishda ehtiyojmand oilalar toifasi, jumladan, kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yakka-yolgʻiz keksalar, doimiy ishsiz fuqarolar, karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolar, ogʻir epidemiologik hududlardan qaytarib kelingan fuqarolarni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha koʻrilayotgan choralar atroflicha tahlil qilindi.

Oʻrganishlar yakunlari Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar ishtirokida mahalliy Kengashlar sessiyalarida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama etildi.

Yana bir eʼtibor qaratadigan muhim jihat, bugungi kunda deputatlar odamlarni bezovta qilayotgan koʻpgina muammolarga eʼtiborni kuchaytirmoqda. Bunga bir qator misollarni keltirish mumkin.

Chunonchi, deputatlar tomonidan hududlarda dehqon xoʻjaliklari hamda shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish holatini oʻrganish natijasida “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi va yangi tahrirdagi “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari ishlab chiqildi.

Deputatlar tashabbusi bilan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi yonida boʻlmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda transport vositasini jarima maydoniga joylashtirish talabi bekor qilindi.

— Joriy yilda Qonunchilik palatasi oʻz oldiga qanday rejalarni maqsad qilmoqda?

— Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan aniq natijalarga erishishga yoʻnaltirilgan mustaqil ish rejasi shakllantiriladi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish jarayonida muvofiqlashgan holda ishtirok etish uchun boshqa davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorlik oʻrnatish rejalashtirilmoqda.

Murojaatnomadagi vazifalarni bajarish bilan bogʻliq barcha ishlar alohida nazoratga olinadi.

Shubhasiz, mazkur yoʻnalishdagi ishlarda yoshlar bilan ishlash va sogʻliqni saqlash milliy tizimini yaxshilash boʻyicha faoliyat ustuvorlik kasb etadi.

Qonun ijodkorligi faoliyatining sifatini yaxshilashni taʼminlashimiz lozim. Shunday ekan, parlament qonunlarni qabul qilish jarayonida jamoatchilikning ishtirokini kengaytirib boradi. Qonun chiqarish jarayonida ekspertlar, olimlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining ham ishtiroki kuchaytiriladi.

Qonunchilik palatasi parlament nazorati sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirib boradi. Deputatlarning “Hukumat soati”, Hukumatning muhim davlat dasturlari bajarilishi yuzasidan hisobotlarini eshitish, parlament va deputat soʻrovlari kabi nazorat-tahlil faoliyati shakllarining tartib-taomillari va oʻtkazish reglamentlarini takomillashtirish maqsad qilingan.

Parlament bundan keyin ham fuqarolar bilan muloqot sifatini yaxshilash, oʻz saylovchilarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi. Biz fuqarolarning barcha murojaatlariga tezkor va samarali munosabat bildirish tizimini shakllantirish boʻyicha ishlarni davom ettiramiz. Shu maqsadda joriy yilda Deputat portali ishga tushiriladi. Uning yordamida har bir fuqaro oʻzining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputatiga elektron tarzda murojaat qila oladi va oʻz murojaatining bajarilish jarayonini kuzatib, uni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha deputat faoliyatiga baho beradi.

Biz saylov okruglarida saylovchilar bilan bevosita muloqot shaklidagi ishlarni davom ettiramiz. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami vakillarining murojaatlari bajarilishi, “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari” yuritilishi alohida nazoratga olinadi.

Qonunchilik palatasi faoliyatining ochiqligini taʼminlash, parlamentning xalq oldidagi hisobdorligi darajasini koʻtarish boʻyicha ishlar ham davom ettiriladi. “Elektron parlament” axborot tizimining yagona arxitekturasini shakllantirish doirasida loyihalar amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro indeks va reytinglardagi koʻrsatkichlarini yaxshilash maqsadida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlarda parlamentning ishtirokini faollashtirishga harakat qilamiz. Bunda parlament BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini roʻyobga chiqarish bilan bogʻliq ishlarni muvofiqlashtirishda qatnashadi.

Shuningdek, parlament oʻzining parlamentlararo aloqalarini kuchaytirish orqali Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro hamkorlik tizimini mustahkamlashga hissa qoʻshadi.

— Ochiq va mazmunli suhbat uchun rahmat.

Ziyoda ASHUROVA
(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер