Parkentda dala oʻquv-mashgʻuloti oʻtkazildi

01:19 15 Mart 2023 Jamiyat
499 0

Shu kunlarda Toshkentda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SHTHA) tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarni amalga oshirayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari mutaxassislari, shuningdek, xalqaro mutaxassislar hamda SHTHAning Tojikiston va Qirgʻizistondagi milliy ofislari xodimlari ishtirokida iqlim oʻzgarishi masalalarini kompleks hal etishni boshqarish, atrof-muhitni himoya qilish va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishni rivojlantirish boʻyicha xalqaro seminar-trening boʻlib oʻtmoqda.

Joriy yilning 14-mart kuni trening ishtirokchilari uchun Parkent tumanida dala oʻquv-mashgʻulot yigʻini oʻtkazildi. Mehmonlar dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va SHTHA hamkorligida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi. 2-bosqich” doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni Parkent tumani irrigatsiya boʻlimi misolida oʻrgandilar.

Taʼkidlandiki, loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda 156 ta tuman irrigatsiya boʻlimlariga suvdan samarali foydalanish va suv resurslarini barqaror boshqarishni rejalashtirish, sugʻorish-drenaj tarmoqlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda monitoring qilish imkonini beradigan zamonaviy kompyuter jamlanmasi taqdim etilgan.

Bugungi kunda Parkent tumani irrigatsiya boʻlimiga loyiha doirasida taqdim etilgan ikkita kompyuter jamlanmasidan suv resurslarini oqilona boshqarish, sugʻorish-drenaj tarmoqlari holatini doimiy monitoring qilib borishda samarali foydalanilmoqda. Mehmonlarga suv xoʻjaligining maxsus xizmati, isteʼmolchilar bilan munosabatlarni takomillashtirish, suvning hisobini aniq yuritish boʻyicha bajarilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Mehmonlar “Parkent agrozamin” fermer xoʻjaligiga tashrif buyurishdi. Loyiha tomonidan oʻtgan yili suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan ayol fermerlar oʻrtasida tanlov oʻtkazilgan edi. Fermer xoʻjaligi rahbari Shohsanam Anorboyeva mazkur tanlovda qatnashib, transformator yutgan edi.

Fermer ayol mehmonlarga loyiha bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari, xususan, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish samarasi, tomchilatib sugʻorishning afzalliklari, shuningdek, istiqboldagi rejalari haqida gapirib berdi.

Ishtirokchilar “Eko agro produkt” MCHJning intensiv bogʻlarini ham borib koʻrdilar.

Seminar-trening ishtirokchilari mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер