Parij shahrida boʻlib oʻtayotgan “Tenglik avlodi” xalqaro forumida Senat Raisi nutq soʻzladi

12:18 02 Iyul 2021 Siyosat
403 0

Shu kunlarda Fransiya poytaxti Parij shahrida gender tenglik masalalariga bagʻishlangan “Tenglik avlodi” xalqaro forumi boʻlib oʻtmoqda.

Fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikda Fransiya va Meksika raisligidagi “BMT-Ayollar” tuzilmasi tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirda xorijiy davlatlar rahbarlari, jahon parlamentlari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati vakillari, yosh yetakchilar va xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning muhimligini hisobga olgan holda Oliy Majlis Senati Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi raisi T. Narbayeva Parij forumida ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Oʻzbekistonda xotin-qizlar holatini yaxshilash uchun qonunchilik bazasi yaratilgani, 2030-yilgacha Oʻzbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangani taʼkidlandi.

Shuningdek, ayollarni rahbarlik lavozimlariga koʻtarish, ularning reproduktiv salomatligini mustahkamlash, bandligini taʼminlash hamda tazyiq va zoʻravonlikdan davlat tomonidan himoya qilish boʻyicha maqsadli ishlar olib borilmoqda, muhtojlarni uy-joy bilan taʼminlash dasturi amalga oshirilmoqda.

Forum ishtirokchilari zoʻravonlikning oldini olish, mehnat sohasida huquqlar va adolatni, reproduktiv salomatlikni taʼminlash, texnologiyalar rivojlanishi nuqtayi nazaridan gender tenglik, taʼlim olish imkoniyatlari va boshqa masalalarni muhokama qildilar. Bundan tashqari, “Tenglik avlodi: xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va teng huquqli kelajak” kampaniyasi doirasida 2030-yilgacha gender tenglikka erishish boʻyicha aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Gender tenglikka erishish uchun aniq hamkorlik aloqalarini oʻrnatish belgilab olindi.

Tadbir doirasida 100 dan ortiq virtual tadbirlar oʻtkaziladi va yakunida “Harakatlar koalitsiyasi: Gender tenglikni tezlashtirish dasturi” qabul qilinadi.

“Tenglik avlodi” forumida koʻp qirrali harakatlar koalitsiyalari yaratildi, gender zoʻravonlik, iqtisodiy adolat, reproduktiv huquqlar va salomatlik, iqlim sohasida adolatni qoʻllab-quvvatlash uchun xotin-qizlar faoliyati, texnologiyalar va innovatsiyalar, feministik harakatlar va yetakchilik boʻyicha aniq va oʻlchanadigan natijalarga besh yil ichida erishish uchun ular hukumatlar, fuqarolik jamiyati hamda xususiy sektorni birlashtiradi.

Koalitsiyalarga 30 ga yaqin mamlakat va 70 dan ortiq turli tuzilmalar, shu jumladan BMT agentliklari, fuqarolik jamiyati muassasalari, yoshlar uyushmalari, xususiy kompaniyalar va davlat xayriya tashkilotlari, birlashgan koalitsiyalar qoʻshilgan.

Harakatlar koalitsiyasi doirasida Oʻzbekiston xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash va gender zoʻravonlikni bartaraf etish majburiyatini oʻz zimmasiga oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?