Paraosiyo oʻyinlari. Oʻzbekistonlik yengil atletikachi jahon rekordini oʻrnatdi, dzyudochilardan 4 ta medal keltirdi

17:50 08 Oktyabr 2018 Sport
1416 0

Indoneziyada Paraosiyo oʻyinlarining ikkinchi kungi bahslari davom etmoqda. Ayni paytga kelib, dzyudo boʻyicha bellashuvlar nihoyasiga yetgan.

MOQ xabariga koʻra, bugun gilamga chiqqan toʻrt nafar oʻzbekistonlik dzyudochining barchasi shohsupaga koʻtarilishga muvaffaq boʻldi.

Erkaklar oʻrtasida oʻtkazilgan bahslarda Sherzod Namozov (-60kg) va Oʻtkir Nigmatov (-66kg) oltin, ayollar oʻrtasidagi bellashuvlarda esa Lobar Hurramova (-48kg) kumush, Sevinch Sallayeva (-52kg) bronza medallarini qoʻlga kiritishdi.

Dzyudo boʻyicha bahslardan biroz oʻtib, yadro uloqtirish musobaqalari ham yakuniga yetdi. Unda Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan Husniddin Norbekov 16,35 m natija qayd etdi va jahon rekordini oʻrnatdi.

Bundan biroz avval esa nayza uloqtirish bahslarida qatnashgan Roziya Ergasheva 34,10 natija qayd etdi va oltin medalni qoʻlga kiritdi. 200 metrga yugurish yoʻnalishida startga chiqqan Sabina Suxanova esa marraga uchinchi boʻlib yetib bordi va bronza medaliga ega chiqdi.

Shu tariqa, Oʻzbekiston terma jamoasining Paraosiyo oʻyinlaridagi medallari soni 15taga yetdi. Ularning 10tasi oltin, 3tasi kumush va 2tasi bronza medallaridir.

Eslatib oʻtamiz, bugun, shuningdek, erkaklar oʻrtasida S13 yoʻnalishida 400 metrga erkin suzish boʻyicha ishtirok etgan Dmitriy Xorlin oʻz chiqishini 4 daqiqa 9,23 soniyada yakunlab, barcha raqiblarini ortda qoldirish bilan birga Osiyo rekordini oʻrnatdi. Kechagi kungi bahslarda suzish boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari 2 ta oltin va 2 ta kumush medalni qoʻlga kiritgan edi.

Musobaqa 13 oktyabr kuni nihoyasiga yetadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?