Pandemiyada turizm: Turkiya buning uddasidan qanday chiqmoqda?

12:14 28 Noyabr 2020 Dunyo
350 0

Said RAHMONOV, “Xalq soʻzi” maxsus muxbiri Istanbuldan xabar qiladi

Koronavirus pandemiyasidan eng koʻp zarar koʻrgan soha, shubhasiz, bu — turizm. Negaki, bu koʻzga koʻrinmas ofat jahon davlatlari darvozasini tambalab qoʻydi. Ammo murakkab davrni boshidan oʻtkazayotgan sayyohlik industriyasi “sinmadi”. Aksincha, oʻrnatilgan cheklovlarga daxl qilmagan holda, soha yangi formatda rivojlanmoqda. Bunga Turkiya tajribasi yaqqol misol boʻla oladi. 

Darhaqiqat, ayni paytda biz, oʻzbekistonlik bir guruh jurnalistlar Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan media-tur doirasida Turkiyada boʻlib turibmiz. 

Anglagimiz shuki, bu yerda karantin talablariga amalga qilingan holda, sayyohlik xizmatlari koʻrsatishning uddasidan chiqilmoqda. Buni esa safarimiz avvalidayoq his qildik. Sababi, samolyotga chiqishimiz bilan shirinsuxan bort kuzatuvchilari qoʻlimizga tibbiy niqoblar, nam “salfetka”, antiseptik vositalardan iborat yelim xaltachani tutqazishdi. Hatto, yoʻlovchilar juda koʻp boʻladigan Istanbul xalqaro aeroportida oraliq masofani saqlash uchun zarur barcha chora-tadbirlar koʻrilyapti. Jamoat joylarni dezinfeksiya qilish, ijtimoiy masofani saqlash kabi karantinning muhim qoidalariga Istanbul har bir maskani, xususan, sayyohlik obyektlari, mehmonxonalarda qatʼiy amal qilinmoqda. Shu bois Sharqu Gʻarb oʻrtasida oltin koʻprik boʻlib kelgan ushbu oʻlkada sayyohlar ayni paytda juda koʻp. 

Istanbulning Istiqlol koʻchasidamiz. Bu tarixiy yoʻllarni yayov kezarkansiz karantin tufayli toliqqan asablaringiz chigili yoyiladi, milliy shirinliklar sotuvchilarning shirin soʻzi, odamlarning xushmuomalasi ruhiyatingizni koʻtaradi. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar Taqsim maydoni tomon harakatlanayotgan oʻsha mashhur qadim tramvayga chiqib, olam-olam zavq olishadi... Meni hayratimni oshirgani esa kashtan daraxti mevalarining qovurib sotilayotgani boʻldi. Oʻylab qoldim, buni kashtanga boy boʻlgan Toshkentimizda ham yoʻlga qoʻysak boʻlarkan. 
Xoʻsh, sayyohlar koʻchaga chiqishga hadik tortib turgan ayni nozik pallada Turkiya turistlarni jalb qilishning uddasidan qanday chiqmoqda? 
Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi vakili Mehmetxon Kelkitning aytishicha, jahon turizm markazlaridan biri boʻlgan bu mamlakat mehmonlarni kutib olishdan doimo sharaf tuyadi. Shuning uchun pandemiya davri asosiy eʼtibor karantin talablariga rioya qilgan holda, xavfsiz va sifatli xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan. 

— Turkiya eshiklarimiz sayyohlar uchun har doim ochiq, ularning xavfsizligi va salomatligini saqlash, maroqli hordiq chiqarishlari uchun zarur barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga harakat qilyapmiz, — deydi u. — Buni chet ellik sayyohlarning oʻzlari ham his qilib turibdilar. 

Aytishlaricha, Turkiya kelgan sayyohlarga koʻrishga oshiqadigan manzillardan biri — bu Dolmabaxche bogʻidir. Buning uchun asoslar yetarli, albatta. Chunki Bosfor boʻgʻozining Yevropa qismida joylashgan tarixiy majmua Turkiyadagi eng katta saroy hisoblanadi. 

Biz ham sohil boʻyidagi ushbu muhtasham saroy tashrif buyurib, Sharq anʼanaviy meʼmorchiligining Gʻarb sanʼatiga mohirona uygʻunlashuviga guvoh boʻldik. Oʻta hashamatli saroy joylashgan bogʻning umumiy maydoni 14 595 kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda soatli minora, valiahd koshonasi, Sulton Abdulhamid II davrida barpo etilgan koshona ham bor. 

Usmoniylarning olti sultoni yashagan Dolmabaxche saroyiga kirar ekansiz, oʻzingizni xuddi oʻtmishga tushib qolgandek his qilasiz. Chunki saroy oʻz holida saqlab qolingan va 1984-yilda muzeyga aylantirilgan. 

Saroy ikki qavatli asosiy binodan tashqari, yer toʻla va bolaxonali boʻlib, Katta tantana zalidan, yana 44 ta turli tadbirlar oʻtkaziladigan zal, 68 ta yigʻin va uchrashuvlar xonasi, sulton harami va 6 ta hammomdan iborat. Saroydagi qandillar unga oʻzgacha zeb, salobat berib turibdi. Ularning yogʻdusi juda yorqinligi eʼtiborimiz tortdi. Sababining soʻraganimizda, saroyning ichki bezagiga 14 tonnadan ziyod oltin ishlatilganini, shu tufayli yorugʻli qaytishini aytishdi...

Mediatur dasturi gʻoyatda rang-barang boʻlib, bizni oldinda yana koʻplab tarixiy manzillar, sayyohlik obyektlari kutib turibdi. Ular haqida batafsil maʼlumot berib boramiz. Bizni kuzatishda davom eting.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?