Pandemiyada Oʻzbekiston iqtisodiyoti va tashqi savdosiga qanday xatarlar mavjud?

06:19 15 Aprel 2021 Iqtisodiyot
497 0

Koronavirus pandemiyasining jahon miqyosida keng tarqalishi global inqirozni vujudga keltirdi. Bu esa yalpi talab va taklifga, makroiqtisodiy barqarorlikka tashqi “zarba” boʻlib, oldingi iqtisodiy inqirozlardan koʻlami va zarari jihatidan katta farq qildi.

Qisqa vaqt oraligʻida pandemiyaning global miqyosda keng tarqalishi deyarli barcha davlatlardagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Binobarin, mamlakatlar iqtisodiyoti hech qachon bunday keng koʻlamli muammolarga duch kelmagan edi.

Karantin qoidalari bir davlatda yumshatilsa, boshqasida kuchaytirilayotgan ayni vaqtda mamlakatlarning iqtisodiyoti va savdo aloqalari holatini qanday prognoz qilish mumkin?

Qayd etish kerakki, pandemiya rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiyoti va savdo aloqalarida tobora noaniqliklar ortishiga, ularda qabul qilingan iqtisodiy strategiyalar va dasturlardagi prognoz koʻrsatkichlarning oʻzgarishiga sababchi boʻldi. Ushbu noaniqliklar (siyosiy, iqtisodiy, moliyaviy xatarlar) esa mamlakatlar iqtisodiyotiga va tashqi savdosiga sezilarli darajada salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Siyosiy xatarlarning mamlakatlar iqtisodiyotiga taʼsiri turlicha boʻlishi mumkin. Masalan, siyosiy xatarlar ortishi natijasida koʻplab mamlakatlarda beqarorlikni isbotlashi mumkin boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning qisqarishi kuzatiladi. Chet el investitsiyalarining qisqarishi butun iqtisodiy oʻsishning sekinlashishiga, ijtimoiy masalalarning salbiy holatga kelishiga sabab boʻlishi mumkin. Albatta, toʻsatdan sekinlashgan iqtisodiy oʻsish mamlakat yoki kompaniyaning qarzlarini toʻlash qobiliyatiga taʼsir qiladi, bu esa, oʻz navbatida, qimmatli qogʻozlar bozoriga ham oʻz taʼsirini oʻtkazadi.

Bundan tashqari, iqtisodiy oʻsishning sekinlashuvi yoki inqiroz valyuta bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqaradi. Hech kimga sir emaski, mamlakatning milliy valyutasi qiymati tushishi eksport pasayishiga va iqtisodiy oʻsish sekinlashishiga olib keladi.

Tahlillarga keladigan boʻlsak, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xavf tugʻdiradigan eng katta siyosiy xatarlardan biri - korrupsiya hisoblanadi.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan tizimli choralar koʻrildi. Xususan, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini hamda sifatini oshirish, xalqaro maydondagi ijobiy imidjini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Oʻzbekistonda ichki siyosiy xatarlarning iqtisodiyot va tashqi savdoga taʼsirini koʻrsatuvchi omillar holatini (biznes muhitini) “Doing business” xalqaro reyting koʻrsatkichi ifodalaydi. Jahon bankining “Biznes yuritish — 2020” yillik hisobotida Oʻzbekiston 7 pogʻona yuqoriga koʻtarilib, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda eng yuqori koʻrsatkichga erishgan 20 ta mamlakatlar qatoriga kirdi.

Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi maʼlumotlariga qaraganda, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa toʻrtta davlat, shu jumladan Tojikiston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston va Kosovo bilan birgalikda Oʻzbekiston ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda eng katta yutuqlarga erishgan 20 mamlakat safidan joy oldi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining faol rivojlanishini intensiv tashqi iqtisodiy faoliyatsiz, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilmasdan taʼminlab boʻlmaydi.

Tashqi iqtisodiy aloqalarni jadal surʼatlar bilan kengaytirayotgan Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun mintaqaviy va global iqtisodiyotdagi vaziyatning rivojlanishini toʻgʻri hisobga olish islohotlar muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. Eksportni kengaytirish va investitsiyalarni jalb qilishga katta eʼtibor qaratilayotgan vaziyatda ushbu omilning ahamiyati katta.

Shuningdek, tashqi savdo sohasida byurokratik toʻsiqlar saqlanib qolmoqda. Doing Business — 2020 reytingida “Xalqaro savdo” indikatori boʻyicha Oʻzbekistonning pozitsiyasi ham buni tasdiqlab turibdi: 190 davlat ichida 152-oʻrin. Eksport qilayotganda chegara va bojxona nazoratidan oʻtish uchun 32 soat vaqt talab etiladi. Taqqoslash uchun, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun oʻrtacha koʻrsatkich 16,1 soatni tashkil qilmoqda.

Eksport operatsiyalari amalga oshirilayotgan paytda hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 96 soat sarflanmoqda. Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida esa bu jarayon 25,1 soatni talab etadi.

Import operatsiyalari amalga oshirilayotgan paytda chegara va bojxona nazoratidan oʻtish va hujjatlarni rasmiylashtirish uchun sarf qilinadigan vaqt mos ravishda 111 va 150 soatni tashkil etmoqda. Agar, buni Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bilan taqqoslasak, 20,4 va 23,4 soat sarflanadi. Ushbu koʻrsatkichlar eksport-import operatsiyalarini tartibga soluvchi davlat organlari faoliyatini takomillashtirish zarurligini koʻrsatadi.

Qisqa qilib aytadigan boʻlsak, siyosiy xatarlar aniq bir mexanizm bilan hal etiladigan muammolar qatoriga kirmaydi. Ularni hal etish ham tashqi, ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham ijtimoiy aloqalar mustahkamligi, institutsional mexanizmlarni mamlakatda yuqori sifatda tashkil etilganligi bilan ham bogʻliqdir.

Elyor SUNNATULLAYEV,
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy
tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi,
Javohirbek SHERALIYEV,
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy
tadqiqotlar instituti tayanch doktoranti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?