“Paxtakor”ga homiylar tomonidan 22 mlrd soʻm ajratildi

00:21 18 Iyun 2021 Sport
1770 0

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahar hokimi – “Paxtakor” futbol klubi raisi Jahongir Ortiqxoʻjayev jamoa aʼzolari va murabbiylari bilan klubning Qibrayda joylashgan mashgʻulotlar bazasida uchrashuv oʻtkazdi.

Unda klub va jamoa oldida turgan muammolar, ularning yechimlari, “Paxtakorning” kelajak faoliyati muhokama etildi.

Klub oldida turgan moliyaviy majburiyatlar shu kunlarda ijobiy hal etildi. Homiylar tomonidan ajratilgan 22 mlrd. soʻm pul mablagʻlari hisobidan shu kungacha yigʻilib qolgan futbolchilar, murabbiylar va klub xodimlarining maoshlaridan boʻlgan qarzdorliklar bartaraf etildi.

Bundan buyon “Paxtakor” futbol klubi faoliyati va moliyaviy hisobotlari shaffoflik, ochiqlik tizimida yoʻlga qoʻyilishi toʻgʻrisida J.Ortiqxoʻjayev alohida taʼkidladi.

Futbolchilar ishlab topadigan mablagʻlar, mukofot pullari va boshqa hisobotlar klub rasmiy manbalarida eʼlon qilib boriladi. Bu esa ayni paytda katta futbol arafasida turgan yoshlarda professional futbolchi boʻlish ishtiyoqining oʻsishida, klub aʼzolari oʻrtasida esa sogʻlom raqobat yuzaga kelishida ijobiy ahamiyat kasb etadi.

Oʻsib kelayotgan yosh avlodga sharoitlarni yaxshilash, iqtidorli futbolchilarni tanlab olishga eʼtibor qaratilishi, ularga bunda imkoniyatlar yaratib berilishi taʼkidlandi. Yoshlarni futbol bilan shugʻullanish va professional futbolchi boʻlishga qiziqishini oshirish, klubning toʻliq uzviy tizimda ishlashini taʼminlash uchun rivojlantirish quyi boʻgʻinlardan boshlanishi alohida taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?