Paxtachilikdagi dolzarb vazifalar koʻrib chiqildi

19:35 27 Iyul 2022 Siyosat
746 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni paxtachilikdagi dolzarb vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Maʼlumki, bu soha qishloq xoʻjaligi va aholi bandligida alohida oʻrin tutadi. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan paxta yetishtirishda klaster tizimi joriy etildi. Ushbu tizim natijasida 350 ga yaqin yirik fabrika ishga tushirildi. Besh yil avval yurtimizda yetishtirilgan paxta tolasining atigi 40 foizi qayta ishlangan boʻlsa, bugungi kunda 100 foiz oʻzimizda qayta ishlanmoqda.

Soʻnggi yillardagi iqlim oʻzgarishlari paxtachilik oldiga yangi vazifalar qoʻymoqda. Xususan, bu yilgidek anomal issiq ilgari hech qachon boʻlmagan. Oʻn kundan beri yurtimizda kunduzgi harorat 43 gradusdan yuqori boʻlmoqda. Kechki payt ham kam emas.

Bu paxtachilik uchun favqulodda vaziyat. Lekin barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, hosilni saqlab qolish zarur. Buning uchun urugʻchilik, nav tanlash, oʻgʻitlash, sugʻorish va zararkunandalarga qarshi kurashishni ilmiy yondashuvlar asosida yoʻlga qoʻyish kerak.

Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Paxtachilik kengashi tuzilgani ayni muddao boʻldi.

Yigʻilishda innovatsion rivojlanish vaziri, Paxtachilik kengashi raisi I.Abdurahmonov kengash tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berdi.

Unda aytilishicha, Kengash aʼzolari olim va mutaxassislar bilan birga Quyichirchiq, Sayxunobod, Navbahor, Narpay, Vobkent va Qorakoʻl tumanlariga borib, haqiqiy ahvolni oʻrgangan. Jumladan, urugʻlik paxta ekilgan maydonlarda koʻchat tigʻizligi meʼyorga nisbatan 35-40 foizga oshirib yuborilgani aniqlangan. Ayrim dalalarda gʻoʻzaning tepasida hosil deyarli yoʻq, pastida esa 2-3 ta koʻsak bor, xolos. Zararli hasharot va kasallik turlari ham koʻpaygan.

Yigʻilishda bunday holatda gʻoʻzani parvarishlash va hosildorlikni taʼminlash boʻyicha tavsiya va koʻrsatmalar aytib oʻtildi. Ularni barcha hududlarda amalga oshirish boʻyicha “dolzarb 30 kunlik” eʼlon qilindi.

Klaster va fermerlarning dalasiga borib, ilmiy yondashuv va yangiliklarni tushuntirish zarurligi taʼkidlandi.

– Iqlim oʻzgarishi kelgusida ham salbiy taʼsir koʻrsatishini hisobga olib, ish tutishimiz kerak. Bu masalaga ilmiy yondashish shart, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Viloyat hokimlari ushbu dolzarb kunlarda qilinadigan ishlar boʻyicha axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?