Paxtachida YPX xodimlari fuqaroni urib olib ketishdimi? — vaziyatga oydinlik kiritildi

11:43 27 Aprel 2021 Jamiyat
576 0

Joriy yilning 27-aprel kuni ijtimoiy tarmoqda “Paxtachida YPX xodimlari fuqaroni urib olib ketishmoqda” sarlavhasi ostidagi video lavha tarqaldi. Holat 26-aprel kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanida sodir boʻlgan. Bu haqda YHXBB maʼlumot berdi.

«Joriy yilning 26-aprel kuni soat 18:30larda, Samarqand viloyati IIB YHXB YPX xodimlari I.Islomov, F.Davronov va F.Xayitovlar Paxtachi tumani, «Mirkan» MFY hududidan oʻtuvchi avtomobil yoʻlida xizmat olib borayotgan vaqtlarida «Damas» rusumli avtomobil haydovchisi transport vositasini shubhali boshqarishi bilan eʼtiborni oʻziga tortgan. YPX xodimlariga yaqinlashgan vaqtda toʻsatdan ortga qaytib olib harakatlangan.

YPX xodimlari xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan «Lasetti» rusumli avtomobilda haydovchining ortidan kuzatib borishgan.

Haydovchini toʻxtatish choralari koʻrilib, YPX xodimlari haydovchi bilan oʻzaro muloqot qilgan vaqtda haydovchining ogʻzidan spirtli ichimlik hidi kelgan va tekshirish maqsadida tibbiy koʻrikka taklif etilgan.

Tibbiy koʻrikda agar mastlik holati tasdiqlanadigan boʻlsa chora koʻrilishi mumkinligini bilgan haydovchi xodimlarga faol qarshilik koʻrsatgan.

Tibbiy koʻrik xulosasiga koʻra, haydovchining mastlik holati tasdiqlanib, unga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va «Damas» rusumli avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Mastlik holatida avtomobil boshqarish oqibatida oʻtgan davr mobaynida bir qancha YTHlar sodir boʻlib, haydovchi va yoʻlovchilarning vafot etganliklari yoki tan jarohati olib bir umrga nogiron boʻlib qolganliklari haqida koʻplab eshitamiz. Lekin, ayrim masʼuliyatsiz haydovchilar spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda transport boshqarib oʻzi va atrofdagilar salomatligini xavf ostiga qoʻyishda davom etmoqdalar.

Barcha haydovchilardan mastlik holatida transport vositasini boshqarmasliklarini soʻrab qolamiz!» deyiladi maʼlumotda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?