Paxta- toʻqimachilik klasterida yangi loyiha

Foto: Xalq so‘zi
“Buxoro agroklaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati viloyatning chekka hududlaridan sanalgan Peshku tumanida yogʻ-moy ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani ishga tushirdi.
Loyiha qiymati 4,4 million AQSH dollari boʻlgan ushbu korxona yiliga 50 ming tonna chigitni qayta ishlab, undan 11 ming tonna yogʻ tayyorlash quvvatiga ega. Uning zamonaviy texnologik liniyalar bilan jihozlangani, malakali kadrlar bilan taʼminlangani ish samaradorligini oshiradi. Shuning evaziga “Peshku agroklaster yogʻ-moy” masʼuliyati cheklangan jamiyati davlat byudjetini yiliga 1 million AQSH dollaridan ziyod tushum bilan boyitishi kutilyapti.
“Buxoro agroklaster” mazkur hududda tikuv va toʻquv korxonasini ham barpo etmoqda.
Qoʻziqorindan kasanachilar ham foyda koʻrishadi
Romitan tumanidagi innovatsion hududda “GOLD PHARM MUSHROOMS” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qoʻziqorin yetishtirish va uni qayta ishlash loyihasi amalga oshirildi.
Loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan. 930 million soʻm miqdoridagi mablagʻ sarflangan ushbu subyektda qoʻziqorinning dorivor turlarini yetishtirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Eʼtiborlisi, korxona jamoasi kasanachilik xoʻjaligi faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Inson salomatligi uchun muhim sanalgan qoʻziqorinni parvarish qilish orqali kasanachilar ham yaxshigina daromad koʻrishlari kutilmoqda.
“Xayrobod” kun sayin obod boʻlmoqda
Vobkent tumanidagi “Xayrobod” mahalla fuqarolar yigʻini “Obod qishloq” dasturi sharofati bilan nomiga monand maskanga aylanyapti.
Ushbu dastur asosida mahalladagi 24-umumiy oʻrta taʼlim maktabi binosi rekonstruksiyadan chiqarildi. Oilaviy shifokorlik punkti taʼmirlandi. 6 kilometr yoʻlning bir qismiga asfalt yotqizildi, bir qismi esa betonlashtirildi. Infratuzilma sezilarli darajada yaxshilandi.
Yana bir gap. Ilgari mahalla fuqarolar yigʻini joylashgan, nurab borayotgan pastqam binoni koʻrgan kishining taʼbi xira tortardi. Endi ahvol oʻzgardi. Toʻrt ming nafar aholi istiqomat qilayotgan mahalla idorasi uchun zamonaviy bino qurilib foydalanishga topshirildi. Bu yigʻin faollariga aholi bilan ishlash, odamlarning oʻy-tashvishlarini yengillashtirishda qulaylik yaratadi, albatta.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Buyuk Britaniya bosh vaziri jarimaga tortildi
- Energiya taʼminotini yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi
- Maktablarda til va kasb oʻrgatishni rivojlantirish choralari belgilandi
- “Vatan — bamisoli quyoshga oʻxshash...”
- Burkina-Fasoda oʻgʻirlab ketilgan ayollar ozod qilindi
- Transport vazirlari “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishini muhokama etishdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring