Paxta terimi vaqtida majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmaslik yuzasidan monitoring olib boriladi

17:10 22 Sentyabr 2020 Jamiyat
350 0

Arxiv surat

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalar mehnati hamda majburiy mehnatga butunlay barham berish uchun muhim qarorlar qabul qilindi. Ushbu hujjatlar ijrosi jamoatchilik nazorati ostida amaliyotga izchillik bilan joriy etilib, koʻzlangan maqsadga erishilmoqda. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi esa bu borada Milliy monitoring oʻtkazib kelmoqda.

Ana shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida joriy yil paxta yigʻim-terimi mavsumida terimchilar uchun munosib shart-sharoit yaratish, bolalar mehnati hamda majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlarga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi.

Brifingda joriy yil 23-sentyabrdan 31-oktyabrgacha mazkur monitoringni amalga oshirish koʻzda tutilayotgani taʼkidlandi. Bunda pandemiya sharoiti alohida hisobga olinadi hamda avvalgilariga qaraganda yana-da takomillashtirilgan tarzda tashkil etiladi. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga aʼzo boʻlgan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham jalb etiladi.

Milliy monitoringda paxta yigʻim-terimida 18 yoshga toʻlmagan shaxslarning, oʻquvchi hamda talabalarning, byudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, pandemiya sharoitida terimchilarga zarur sharoitlarni yaratish, qoʻlda terilgan har bir kilogramm paxta hosili uchun tegishli miqdorda mehnat haqi toʻlanishi, shuningdek, mehnat yuzasidan tuzilgan shartnomalarga katta eʼtibor qaratiladi.

Aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etiladi hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasiga muntazam ravishda axborotlar berib boriladi.

Agarda paxta terayotgan voyaga yetmagan shaxslar aniqlansa, zudlik bilan daladan olib chiqish, oʻquv dargohi yoki uyiga qaytarish choralari koʻriladi. Bu haqda dalolatnoma tuziladi hamda aybdorga nisbatan tegishli choralar koʻriladi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?