Paxta mavsumi: hududlarda majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilgani yoʻqmi?

13:14 06 Oktyabr 2022 Jamiyat
256 0

Foto: Xalq so‘zi

Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasida Bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik boʻyicha Milliy monitoring guruhining Fargʻona viloyatiga biriktirilgan ishchi guruhi paxta dalalarida boʻlib, paxta terimi davomida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik hamda terimchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishmoqda.

Ishchi guruh vakillari hududlardagi fermer xoʻjaliklarida paxta yigʻim-terimi jarayoni, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlari, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, paxta dalalarida mehnat qilayotgan terimchilarga xavfsiz mehnat sharoiti yaratilganligi, shuningdek, terimchilar bilan majburiy mehnat, terim pullarini oʻz vaqtida toʻlanayotganligi xususida suhbat tashkil etildi.

Oʻzbekiston tumanidagi “Oʻtkir Rashid Ziyo” fermer xoʻjaligi ayni paytda 100 nafar terimchi paxta terimiga jalb etilgan. Terimchilarga yaratilgan sharoitdan yaxshi, tushlikka bepul issiq ovqat tashkil etilyapti. Eng asosiysi, har bir terimchi bilan ixtiyoriy ravishda paxta yigʻim terimida qatnashish haqida mehnat shartnomasi tuzilgan. Terim pullari terimchilarning istaklariga qarab toʻlab borilayotir.

— Paxta yigʻim-terimida qatnashish uchun fermer xoʻjaligi rahbari bilan mehnat shartnomasi tuzdim, — deydi Oʻlxanoy Berdiqulova. — Tergan paxtamning har bir kilosi uchun 1500 soʻmdan haq olyapman. Kuniga 120-130 kg.gacha paxta teraman. Hisoblab koʻrsam, shu kungacha 3 tonnadan ortiq paxta teribman. Bir soʻz bilan aytganda, paxta terib kam boʻlganim yoʻq.

— Kuniga 100 kg. dan kam paxta termayman, — deydi yoshi 70 ga kirgan Lobarxon aya Pirmatova. — Terim pullarimizni oʻz vaqtida olib, roʻzgʻorimizni but qilyapmiz. Tushlik mahalda bepul issiq ovqat beriladi. Dam olish uchun salqin joylar hozirlangan. Qolaversa, ragʻbat sifatida oziq-ovqat mahsulotlari va qimmatbaho sovgʻalar berishyapti.

— Birinchi navbatda, terimchilarga yaratilgan sharoitlar, mehnat shartnomasi tuzilganligi, paxta pulini oʻz vaqtida toʻlanishi kabi masalalarni oʻrganib, terimchilarga mehnat huquqlari tushuntirilmoqda, — deydi hududiy ishchi guruh rahbari Rustamjon Mirxodjayev. — Quvonarlisi, birorta paxta dalasida bolalar mehnatiga, majburiy mehnat holatlariga duch kelmadik. Terimchilarga munosib ish sharoitlari yaratilgan. Kim bilan suhbatlashmaylik, paxta pullarini oʻz vaqtida toʻlanayotganligini aytmoqda.

Ishchi guruhi aʼzolarining Fargʻona viloyati boʻylab oʻrganishlari davom etmoqda.

Mansurjon HATAMOV,

Bolalar mehnati va majburiy mehnatdan

foydalanmaslik boʻyicha Milliy monitoring guruhi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?