Paxta dalalarida suv qarovsiz qoldirilgan (mi?)

16:24 29 Iyul 2022 Jamiyat
400 0

Foto: Xalq so‘zi

Yurtimizda yozning chillasi juda issiq keldi. Bunday anomal issiqlik qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtiruvchilari hamda bu ishga masʼul boʻlganlardan jiddiy eʼtibor va masʼuliyat talab etmoqda. Ayniqsa, paxta parvarishida amalga oshiriladigan muhim agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida, obi-tobida, sifatli qilib oʻtkazish dolzarb masala boʻlib turibdi. Xususan, sugʻorish ishlarini belgilangan meʼyor va talablar asosida tashkil etish gʻoʻza nihollari baravj oʻsishining muhim sharti hisoblanadi.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi mutaxassislari ham oʻta ogʻir va olis hududlardagi paxta maydonlariga suv yetkazish choralarini koʻrishmoqda. Amaliy saʼy-harakatlar natijasida sugʻorishda qiynalayotgan fermer xoʻjaliklarining paxta dalasiga suv yetib borishi taʼminlanayotir. Hisob-kitoblarga koʻra, hozirga qadar 52 ming 657 gektardan ziyod gʻoʻza maydonlari ikkinchi bor sugʻorildi. Gʻoʻza, takroriy va tomorqa ekinlarini sugʻorish ishlarida esa 2 ming 56 nafar suvchilar qatnashmoqda.

Biroq yurtimizda global iqlim oʻzgarishlari va antropogen taʼsirlar sabab qishloq xoʻjaligi ekinlariga moʻljallangan suv resurslarida kamayishlar kuzatilayotgan bir paytda viloyatdagi ayrim suv isteʼmolchilarining suvdan tejab-tergab foydalanishni bilmasligi va isteʼmol madaniyatining yetishmasligi, “quloqboshi”dagilarning “Oʻzim xon-koʻlankam maydon” qabilida ish tutishi bebaho neʼmatning isrof boʻlishiga olib kelmoqda. Buning oqibatida paxta maydonlariga suv yetib borishi anchayin qiyinlashib, suvdan kim, qay yoʻsinda, yoki qanday maqsadda foydalanayotgani ayni vegetatsiya davrida yanada yaqqolroq sezilib qolmoqda.

—Viloyatdagi 7 ta paxtachilik tumanlarida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga rioya etilishi yuzasidan oʻtkazilgan jami 606 ta nazorat tadbirida 645 ta kamchilik aniqlandi, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori Ixtiyor Dushaboyev. — Shundan 83 ta holatda ekin maydonlari koʻllatib sugʻorilgan va paxta maydonlarida tashlanmalar hosil boʻlgan, 69 ta holatda suv kollektor-drenajlarga oqizib qoʻyilgan. Bundan tashqari ruxsatsiz va shartnoma tuzmasdan suv olish boʻyicha 56 ta holat aniqlanib, 83 ta holatda daladagi suv qarovsiz qoldirib ketilgan. 34 ta holatda esa meʼyoridan ortiqcha suv olingan.

Olimlar va paxtachilik sohasi mutaxassislarining fikricha, jazirama issiqda gʻoʻza nihollarini tunda sugʻorish yaxshi samara beradi. Ammo inspeksiya tomonidan bu borada olib borilgan monitoring tahlillari shuni koʻrsatmoqdaki, hamma ham bu usulga amal qilayotgani yoʻq. Misol uchun, oʻrganishlarda 136 ta holatda tungi sugʻorish ishlari tashkil etilmagan boʻlsa, 158 tasida sharbatsiz sugʻorilgani maʼlum boʻlgan

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida suv isteʼmolchilariga 81 ta yozma koʻrsatma va 200 ta ogohlantirishlar berilib, hokimliklar va suv xoʻjaliklari tashkilotlariga 24 ta taqdimnoma kiritildi. Shuningdek, 60 ta maʼmuriy qaror qabul qilinib, 76 ta holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun sud idoralariga taqdim etildi.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?