Oʻzlik sari yoʻl

17:07 05 May 2021 Jamiyat
495 0

Yangilanayotgan Oʻzbekiston zamonaviy hamjamiyatga oʻz milliy qiyofasi bilan yuz tuta oladimi va umuman, madaniyatlar qorishib ketayotgan bugungi global dunyoda mafkura qay darajada kerak? Umummilliy taraqqiyotimizda mafkuraning oʻrni qanday? Ziyolilar, rahbarlar, oddiy odamlar uchun milliy mafkura nima? Mamlakatimizda milliy mafkurani shakllantirish va targʻib etish siyosati mavjudmi?..

Bu savollar mohiyat eʼtibori bilan 130-yil qaramlikda boʻlgan milliy tafakkurimizni “qutqarishda” muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, kechayotgan 30 yilga yaqin vaqt ichidagi mustaqillik davrida jamiyat “siyrati” oʻzgarishi anchayin qiyin kechdi. Bu, bir tomondan, oʻtish davridagi mahdudlik bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchi tomondan, davlatning oʻzi jamiyatning milliylashuvidan choʻchidi, uni keskin nazoratda ushlab turdi.

Bugungi Oʻzbekiston hukumati harakatlari esa bu borada qozilikni emas, mazkur ijtimoiy jarayonga ragʻbatni nazarda tutmoqda. Zotan, jamiyatni hukumat istak-xohishiga qarab emas, balki milliy anʼanalar va tarixiy oʻzlikka mos tarzda modernizatsiyalash koʻzlanayotgan maqsad – davlatning milliy qiyofasini shakllantirishda muhim rol oʻynaydi. Shubhasizki, zikr etilgan diskursda til – milliy til hal etuvchi vosita, masalaning oʻzagi vazifasini oʻtaydi. Millatning tili eʼtiborda boʻlmas ekan, milliyat, oʻzlik, mafkura haqida gapirish ortiqchalik qiladi, nazarimda.

Oʻtmishga, yaqin 100-yillikka nazar solsangiz, tilimizga boʻlgan eʼtibordan dilingiz xira tortishi tayin. Dunyo ahliga Navoiy, Bobur kabi daholarni bergan ona tilimiz uzoq yillar siyosiy qatagʻonni boshidan kechirdi. Bu tilda na ilm-fan qilindi, va na u siyosat tiliga aylandi. Mahalliy til jiddiy mavzulardagi munozaralarga yaramaydi, degan kamsituvchi qarash uni roʻzgʻor tiliga, maishiy mavzular tili darajasiga tushirib qoʻydi.

Bu ruhiy mustabidlik edi. Va bu istilo mohiyat eʼtibori bilan siyosiy-iqtisodiy qaramlikdan, qullikdan koʻra dahshatliroq va fojialiroq edi. Nimaga desangiz, bu zehniyat, millatning tafakkuri bilan bogʻliq masala edi.

Men uzoq yillar davlat idoralari tizimida ishlaganman. Mustaqillik yillari ham bundan ­mustasno emas. Va taj­ribalarimga tayanib shuni aytishim mumkinki, ona tilimiz hech mahalda (holbuki, davlat tili boʻyicha qonun qabul qilinganiga oʻttiz yil boʻlayotgan boʻlsada) maʼmuriy va texnik sohalarda, siyosatda, ilm-fanda vosita sifatida qoʻllangan emas. Buni tasavvur qilish ham mumkin emas edi. Bugun ham jamiyatimizda, ayniqsa, siyosiy doiralarda bundan toʻliq voz kechildi, deb aytolmayman.

Biroq hayratlanarli bir mujda borki, u qalbingga nur olib kiradi, goʻyo. Bu – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning milliy masalalarda koʻrsatayotgan ibratli harakatlari, muz kabi qotib qolgan aqidalarni millatimizga, oʻzligimizga boʻlgan qalb qoʻri, mehru muhabbati bilan asta-sekin eritayotgani misolida yana-da boʻrtibroq koʻrinadi.

Oʻzingiz oʻylang, nafaqat davlatlararo munosabatlarda, balki maʼmuriy jabhalarda ham “hukmron til” taʼsiridan chiqib ketolmagan jamiyatda favqulodda milliy tilni hatto siyosat tili darajasiga koʻtarishga harakat qilishga qaysi zamonda va kim jurʼat qilgan?!

Hatto yon qoʻshnilarimiz bilan ham yuz yillik “protokol”ga sodiq qolgan holda rus tilida muzokaralar oʻtkazib kelmadikmi?! Holbuki, ular bilan tilimiz ham, dinimiz ham, qadriyatu tariximiz ham bir. Aslida, bu holat iqtisodiy va siyosiy masalada mustaqil boʻlgan holda milliy jabhada birovga qaram boʻlib, oʻtmish va milliy oʻzlikdan taysallab turish mafkuraviy jihatdan toʻla mustaqil boʻlolmaganimizni anglatardi.

Shu maʼnoda, muhtaram Prezidentimizning mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor BMT minbaridan oʻzbek tilida nutq soʻzlashi milliy masalada inqilobiy qadam boʻldi.

Ammo bu ishning naqadar chuqur maʼnoga ega, qadr-qimmati yuzlab yillar toptalgan, kamsitilgan milliy oʻzlikning shonu shavkatini joyiga qoʻyish, dunyoda oʻzbek degan buyuk bir millat va uning jahon tamadduni beshiklarini tebratgan sonsiz allomalarga ilhom bergan oʻlmas tilini koʻrsatishga, eslatib qoʻyishga boʻlgan mardona harakat ekanini anglaydigan jamoatchilik bizda shakllanganmi?

Odam bu borada tortinmay “ha” ­deyishga istihola qiladi, toʻgʻrisi. Shu haqda oʻylaganimda koʻpchilik hollarda bobomiz Mahmud az-Zamahshariyning bir hikmati yodimga tushadi: “Bamisoli tumov kishi gulning hidini bilmaganidek, ahmoq kishi ham hikmatning qadrini bilmaydi”.

Taassufki, koʻpchilik hollarda shundaymiz. Boʻlayotgan ishlar, jarayonlar mohiyatini toʻgʻri anglamaymiz. Biroq uni anglaydigan, bu harakatlarning qadrini biladigan millatdoshlarimiz yoʻq emas.

Jahon sahnasidagi oʻsha tarixiy nutqdan keyin undan ilhomlangan, ruhlangan odamlar koʻp boʻldi. Ulardan biri, afgʻonis­tonlik oʻzbek generali, afgʻon oʻzbeklari yetakchisi Abdurashid Doʻstumdir. Mana, u bu jarayonga qanday munosabat bildirgan edi: “...Oʻzbekiston Prezidenti ushbu chiqishining tarixiy ahamiyati shundan iboratki, BMT tarixida ilk marotaba mustaqil Oʻzbekiston rahbari oʻzbek tilida nutq soʻzladi. Men bundan shaxsan oʻzim oʻzbek oʻgʻloni va afgʻonistonlik oʻzbeklarning rahbari sifatida faxrlanaman. Bu biz uchun yuksak iftixordir. Oʻzbek tilida soʻzlangan bu nutq nafaqat 34 millionlik Oʻzbekiston ahlini, balki dunyodagi koʻplab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizni, xususan, Afgʻonistondagi oʻzbeklarni ham chin maʼnoda gʻururlantirdi».

Bu – qalbida milliy gʻururi oʻlmagan, oʻtmishi va oʻzligidan faxrlanadigan odamning samimiy soʻzlari, deb oʻylayman.

Meni shu soʻzlarni yozishga undagan yana bir voqea bor. Xabaringiz bor, yaqinda Vengriya davlati Bosh vaziri Viktor Urban janoblari yurtimizga rasmiy tashrif bilan keldi. Muzokaralar har ikki davlatning milliy tilida tashkil etildi. Eʼtibor qiling, kelishuv va barcha diplomatik jarayonlar biz tomondan oʻzbek tilida olib borildi. Holbuki, Vengriya Qozogʻis­ton, Qirgʻiziston va yoki Turkmaniston kabi mintaqadoshimiz emas, balki Yevropaning oʻrtasida joylashgan, YEI aʼzosi boʻlgan davlatdir. Holbuki, dunyo diplomatiyasida BMT tili, barchaga tushunarli til deganga oʻxshash stereotiplar mavjud...

Lekin Prezident Mirziyoyev siyosiy jarayonda oʻz tilini qoʻllashni maʼqul koʻrdi. Yuzlab yillar davomida amalda boʻlib kelgan “diplomatik protokol”lar buzildi, dunyoda birorta tildan kam boʻlmagan ona tilimiz maqomi koʻtarildi. Unda bemalol siyosat – xalqaro siyosat yuritish mumkin ekani isbotlandi.

Shu kunlarda “Ayollar daftari” masalalari boʻyicha mamlakatimizning chekka qish­loq va ovullarida yuribmiz. Toʻgʻrisi, hayotning achchiq-chuchugini koʻrgan odamlar bilan suhbatlarda ularning yuz-koʻzlari, gap-soʻzlarida oʻz Yurtboshisiga nisbatan cheksiz mehr barq etib turganini yaqqol koʻrdik. Ha, oddiy odamlar, qishloqlarda yashayotgan soddadil va munis ayollarimiz ham Mirziyoyevning millat gʻururini koʻtarish borasidagi bu islohotlaridan cheksiz faxr va iftixor tuymoqdalar. Navoiylik keksa muallima Anora opa bu ishlar xalqning dilidagi ishlar, deya koʻzlariga yosh olganida qanchalar taʼsirlanganimizni qoʻyavering...

Endi ayting, uzoq yillar davomida ­shakllangan tayyor formatdan yuz burib, oʻz tashqi siyosatiga yangi omillarni – mutlaqo milliy ruhni kiritishga harakat qilish uchun odam qay darajada millatparvar va vatanparvar boʻlishi kerak?!

Ushbu uchrashuvni kuzatib, davlat siyosatida milliy identitet – oʻzlikni tanish, tarixiy haqiqatlarga real baho berish masalasida ham qarashlar biz koʻnikmagan tomonga burilganini anglash mumkin. Xususan, davlatimiz rahbari venger xalqi haqida gapira turib, ikki xalqni yaxlit tarixiy tomirlar tutashtirib turishini eʼtirof etdi. Holbuki, biz uzoq yillar kelib chiqishi Markaziy Osiyolik boʻlgan bu xalqdan yotsirab keldik. Ular oʻtmishi haqidagi bitiklarni yopib qoʻydik, hattoki, ularni Yevropaga yurish qilgan varvarlar deya atashdan tiyilmadik.

Yoki shu yil mart oyida boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammitini olaylik. Ushbu sammitda Oʻzbekiston Prezidentining Turkiy kengashning ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida xalqaro mukofot taʼsis etish haqidagi taklifini Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari maʼqulladi. Va ushbu mukofotni Mir Alisher Navoiy nomi bilan atash haqidagi taklif ham qoʻllab-quvvatlandi.

Sammitda Alisher Navoiy nafaqat turkiy til rivojiga, balki butun bashariyat tamadduniga hissa qoʻshgan ulkan meros qoldirgani aytildi. Cheksiz mamnuniyat bilan aytish mumkinki, bu ham tilimizga, ham millatimizga boʻlgan ulkan hurmatning eʼtirofidir.

Ana shu ikki muhim voqelik qadimiy tilimizning rasmiy muzokaralar tiliga aylanib borayotganidan dalolatdir. Shubhasiz, bu barchamizga cheksiz quvonch, gʻurur-iftixor baxsh etmoqda.

Buyuk ishlar, evrilishlar har doim ham shovqin-suron bilan boʻlmasligi mumkin. Teran daryolar sokin oqadi, deyishadi. Shu maʼnoda, bugun bizga juda joʻn, odatiydek koʻrinayotgan bu harakatlar, aslida, juda salmoqli va tarixiydir.

Yuqorida qayd etganlarimiz – milliy mafkurani, bizda hali hamon toʻla shakllanmagan mafkurani oyoqqa qoʻyishda ushbu omil – oʻzlikni anglash, milliy til va tarixni ulugʻlash, ularning qadr-qimmatini joyiga qoʻyish muhim omil boʻlib xizmat qilishi shubhasizdir.

Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?