OʻzLiDeP va OʻzMTDP fraksiyalarining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi

12:06 23 Iyun 2022 Jamiyat
265 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvida ilgari surgan taklif va tashabbuslari, ularning mazmun-mohiyati shuningdek, Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonining navbatdagi bosqichida OʻzLiDeP hamda OʻzMTDP fraksiyalarining oʻrni va roli haqida fikr almashdi.

Deputatlarning taʼkidlashicha, Konstitutsiyaviy islohotlar bugun shiddat bilan oʻzgarayotgan zamonning oʻzi oldimizga muhim talablarni qoʻymoqda. Jahonda keskin transformatsiya jarayonlarini kuchayib borishi va eng asosiysi, mamlakatimizda insonning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsizligi, manfaatlari yuksak darajaga koʻtarilganligi ham konstitutsiyaviy islohotlar oʻtkazish zaruratini keltirib chiqardi.

Fraksiya aʼzolari Prezidentimizning Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda ilgari surgan takliflari va tashabbuslarini toʻla maʼqulladilar. Shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiyaning faoliyatini ijobiy baholadilar.

Yigʻilishda bir guruh deputatlar tomonidan konstitutsiyaviy tashabbus orqali kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ham birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasida davlat qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlash, halol raqobat himoya qilinishini, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yoʻl qoʻyilmasligini kafolatlash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, oʻz faoliyatining yoʻnalishlarini mustaqil tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqligi belgilab qoʻyilmoqda.

Shuningdek, yer ham xususiy mulk boʻlishi mumkinligi, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan, oʻrmon fondi yerlari davlatga tegishliligi va u ijara shartnomalari asosida fuqarolarga ajratib berilishi, davlat byudjetini koʻrib chiqish va qabul qilish tartib-taomili jamiyat uchun ochiqligi, davlat fuqarolarning byudjet jarayonida faol ishtirok etishi uchun zarur chora-tadbirlarni koʻrishiga oid normalar oʻz ifodasini topgan.

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolarining aytishicha, yer munosabatlarini Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qoʻyilishi, ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirib, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkazishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan davlat maktabgacha taʼlim tizimining rivojlantirilishiga koʻmaklashish, har bir bolaning umumiy oʻrta taʼlimga doir yillik tayyorgarlikdan oʻtishga boʻlgan huquqini, davlat bepul umumiy oʻrta taʼlim, majburiy umumiy oʻrta taʼlim olish huquqini hamda iqtidorli yoshlarning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, taʼlim olishi davom ettirilishini kafolatlashiga oid normalar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovoldi dasturiga hamohangdir.

Fraksiya aʼzolari bugun amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar insonni qadrlaydigan davlat bilan bir qatorda oʻzini qadrlaydigan va oʻzligini anglaydigan avlodning shakllanishiga ham xizmat qilishini taʼkidladi.

Shu bilan birga, ushbu qonun loyihasi maromiga yetkazib tayyorlangani, loyihani tayyorlash jarayonida “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi aʼzolarining koʻpchiligi ishtirok etgani, partiya gʻoya va maqsadlaridan kelib chiqqan holda qator takliflar bergani aytib oʻtildi.

Qoʻshma yigʻilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar atroflicha koʻrib chiqilib, qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi oʻqishda qoʻllab-quvvatlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?