OʼzLiDeP 17 yoshda: Partiyaning oʻtgan davrdagi faoliyati sarhisob qilindi 

21:14 16 Noyabr 2020 Siyosat
222 0

Bugun Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda partiyaning oʻtgan davrdagi faoliyati sarhisob qilinib, galdagi muhim vazifalar belgilab olindi.

Yigʻilishni partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi A.Xaitov ochib berdi va OʼzLiDePning oʻtgan 17 yillik faoliyati, ayniqsa keyingi toʻrt yilda amalga oshirgan ishlariga atroflicha toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunga kelib oʻz safida 800 mingga yaqin yurtimizning eng faol vakillarini birlashtirgan partiya oʻtgan 17 yil davomida xalq bilan hamnafas boʻlib, ularning ishonchini yana-da mustahkamlash yoʻlida astoydil harakat qilib kelmoqda.

Aytish kerakki keyingi yillarda mamlakatimizning barcha sohalarda rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasi OʼzLiDeP zimmasiga ham tamomila yangi vazifalarni yukladi. Bu tarixiy hujjat bugungi kunda partiya faoliyatining siyosiy-huquqiy va gʻoyaviy asosini tashkil etmoqda.

Harakatlar strategiyasi tizimli va izchil liberal islohotlar orqali mamlakatimizni barcha sohalarda yangilash va modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan “yoʻl xaritasi”dir. OʼzLiDeP esa uni amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning jadalligi va barqarorligini taʼminlash boʻyicha siyosiy masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan partiyadir.

Tadbirda partiya hamda uning fraksiyasi Strategiyada va Saylovoldi platformasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelayotgani taʼkidlandi. Jumladan, oʻtgan davr mobaynida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish borasida partiya qator loyihalarini hayotga tatbiq etish orqali opa-singillarimizni jamiyatda oʻz oʻrnilarini topishda koʻmaklashmoqda. Ushbu loyihalar orqali qanchadan-qancha xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshirildi, ularda tadbirkorlik koʻnikmalari shakllandi, yangi tadbirkor, fermer xotin-qizlar kashf etildi. Buning natijasida joylarda ayniqsa, chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan 140 nafar xotin-qizlarga 5 mlrd soʻm miqdorida kreditlar ajratildi, natijada 1 100 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Shuningdek, globallashuv sharoitida yoshlarning ijtimoiy muammolarini bartaraf etish, ularning dardu tashvishlariga yechim topish, internet saytida yoshlar bilan interaktiv aloqa tizimini yoʻlga qoʻyish, yoshlarimizning gʻoyaviy, mafkuraviy ehtiyojlarini qondirish, ularni kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini kuchaytirish, ayniqsa, ishsiz yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish va bu orqali ularning bandligini taʼminlash masalalari ham partiyaning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelmoqda.

Xususan, pandemiya keltirib chiqargan murakkab sharoitga qaramasdan birgina joriy yilning oʻzida “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida “Yosh mulkdor — yurt tayanchi”, “Ishbilarmon talaba”, «Yosh innovatsiyachi», “Yosh tadbirkorlar va fermerlar” va “Yosh liberallar klubi” loyihalari doirasida 60 ta yosh tadbirkorga 1 mlrd. 904 mln. soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi, 960 kishi ish bilan taʼminlandi, 221 kishi istiqbolli kadrlar zaxirasiga olindi.

Tadbirda partiya faoliyatining eng muhim boʻgʻini bu shubhasiz kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ularga har tomonlama koʻmak berish masalasi ekanligi taʼkidlandi. Oʻtgan davr mobaynida “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, kabi oʻta muhim dasturlar ijrosini oʻrganish yuzasidan elektorat vakillari va aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar olib borildi. Maqsad nafaqat aholini murojaatlariga partiyaviy vositalar orqali yechim topish, balki joylarda tadbirkorlar va fermerlar muammolarini bevosita oʻrganishdan iborat edi.

Shuningdek, pandemiya davrida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, oʻz faoliyatini toʻxtatib qoʻygan tadbirkorlik subyektlarini oyoqqa turishlarida koʻmaklashish borasida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashda ham oʻz faolligini koʻrsatdi.

Tadbirda oʻtgan vaqt ichida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi oʻz imkoniyatlaridan foydalangan holda tadbirkorlar, qolaversa xalqimiz kutayotgan, bugungi islohotlar talablariga javob beradigan qonun tashabbuskorligi faoliyatini yana-da jonlantirishga alohida eʼtibor qaratib kelinayotganligi aytib oʻtildi. Xususan, oʻtgan davr mobaynida OʻzLiDeP fraksiyasi tashabbusi bilan 4 ta qonun loyihasi qabul qilindi.

Yigʻilishda shuningdek, 2020-yilning koʻp qismini koronavirus pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab sharoitda oʻtkazgani, ana shunday sinovli kunlarda ham partiya xalqimiz bilan hamnafas boʻlishga, ularni ogʻirini yengil qilish borasida saʼy-harakatlarini ayamaganligi eʼtirof etildi. Xususan, karantin boshlanganidan soʻng partiya faollari boʻlgan tadbirkorlar, fermerlar, mahalliy Kengash deputatlari va partiya vakillari tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga turli xomiylik yordamlari koʻrsatib kelinmoqda. “Mehr-shafqat va salomatlik” jamgʻarmasi, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati fondlariga xomiylik mablagʻlari oʻtkazib berildi. Shu kunga qadar 1880 ta mahalliy kengash deputatlarimiz, 804 ta jamoatchilik asosidagi rais va rais oʻrinbosarlari tomonidan 24 mlrd. soʻmdan ziyod xomiylik yordamlari koʻrsatildi.

Eng muhimi partiya xalqimizga xos ushbu anʼanaga sodiq qolgan holda, oʻzining 17 yilligini, taʼbir joiz boʻlsa tugʻilgan kunini ham xalqimiz bilan birga oʻtkazmoqda. Partiyaning “OʼzLiDeP 17 yoshda: 17 ming oilaga saxovat va koʻmak” nomli loyihasi doirasida hududiy partiya tashkilotlari tomonidan hududlarda shakllantirilgan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kirgan 17 ming moddiy yordamga muhtoj oilalar ahvolidan xabar olish, partiyadan saylangan mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari hamda koʻngilli xomiylarni jalb etgan holda ehtiyojmand oilalarga yordam koʻrsatishni boshlab yubordi.

Yigʻilish davomida partiya oʻz faoliyatini tahliliy-tanqidiy koʻrib chiqish bilan bir qatorda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar asosida galdagi muhim vazifalarni belgilab oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?