Oʻziyurar aravacha nogironlarga yoqib qoldi

10:37 27 Sentyabr 2022 Jamiyat
364 0

Foto: Xalq so‘zi

Jismoniy imkoniyati cheklangan, ayniqsa, harakat aʼzolarida nuqsoni boʻlgan insonlarga har tomonlama eʼtibor ularning hayotga muhabbatini oshiradi. Yaqin vaqtga qadar ularga oʻz kuchlari bilan harakatga keltiriladigan maxsus aravachalar tavsiya qilinardi. Endi bunday vositaning elektron yuritmali shaklidan foydalaniladigan boʻldi. Har jihatdan qulay yangi aravacha quvvatlantiriluvchi kuch manbai yordamida ishlaydi. Ixcham pultdagi tugmachani bossangiz bas, harakatga keladi.

Muhimi, boshqarishga qulay vosita nogironlarga juda-juda maʼqul tushdi. Kuni kecha Namangan viloyatining Davlatobod tumanida elektron yuritmali aravachani qabul qilib olgan 12 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolarning ham quvonchi cheksiz. Taqdimot chogʻida nogironlarga zamonaviy aravachalarning ishlash mexanizmi, quvvatlash tartibi, texnika xavfsizligi masalalarida batafsil tushuncha berildi.

— Odamlar orasida boʻlish, qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻlarnikiga tez-tez borib turish birdan-bir orzuim edi, — deydi bolalikdan nogiron Jasurbek Oxunov. — Endi “oyogʻim chiqib qoldi”, aravacham bilan birovning koʻmagisiz istagan joyimga bora olaman. Bu vositani sovgʻa qilgan yaxshi insonlarga ming rahmat!

Nogironlarning uzogʻini yaqin qilishga moʻljallangan elektron yuritmali aravachalar viloyatning boshqa tumanlarida ham ehtiyojmandlarga yetkaziladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?